Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Erkin Vohidov tavalludi munosabati bilan anjuman tashkil etildi

O‘zbekiston Milliy universitetida Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakulteti tomonidan O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan respublika ilmiy anjumani o‘tkazildi.

Shoir tavalludining 88 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan mazkur tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi vakillari, shoir-yozuvchilar, fakultet professor-o‘qituvchilari, doktorantlar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi birinchi o‘rinbosari buyuk o‘zbek shoiri E.Vohidovning milliy ma’naviyatimiz va adabiyotimiz rivojida tutgan o‘rni, hayoti va ijodiy faoliyati haqida, shuningdek, shoirning o‘zbek adabiyoti rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida so‘z yuritdi.

Ardoqli shoirimiz Erkin Vohidov o‘zining sermazmun, badiiy yuksak she’r va dostonlari, dramatik asarlarida ona Vatanimiz va xalqimizga, milliy qadriyatlarimizga mehr va sadoqat tuyg‘usini yuksak mahorat bilan tarannum etdi.
Tadbir so‘nggida iqtidorli talabalar tomonidan Erkin Vohidov qalamiga mansub she’ru qasidalar o‘qib eshittirildi.

O‘zMU Axborot xizmati