Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Gretsiya elchisi O‘zbekiston Milliy universitetida: ta’lim va ilmiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Gretsiya Respublikasining Toshkentdagi Favqulodda va Muxtor elchisi P. Tsevelik O‘zbekiston Milliy universitetida bo‘lib, universitet rahbariyati hamda tarixchi olimlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Universitetning Tarix fakultetida tashkil etilgan uchrashuvda elchi xonimni Xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor K.Inakov, Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i J.Madatov, akademik A.Sagdullayev hamda Arxeologiya kafedrasi mudiri F.Ochildiyev kutib oldi.

 

 

Suhbat davomida tomonlar ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, xususan, tarix va arxeologiya yo‘nalishlarida qo‘shma tadqiqotlar olib borish, ilmiy tajriba almashish hamda akademik aloqalarni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Shuningdek, uchrashuvda elchi xonim Markaziy Osiyo va Gretsiya oliy ta’lim muassasalarining tarixchi va arxeolog olimlari ishtirokida qo‘shma simpozium yoki ilmiy konferensiya tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Tomonlar mazkur taklifning ilmiy va amaliy ahamiyatini yuqori baholadilar.

Shuningdek, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun xalqaro dasturlar, ilmiy anjumanlar va madaniy almashinuv loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tashrif yakunida elchi xonim Tarix fakulteti qoshida faoliyat yuritayotgan muzey bilan tanishdi. U yerda saqlanayotgan noyob arxeologik topilmalar va tarixiy eksponatlar mehmonda katta qiziqish uyg‘otdi.

Mazkur tashrif O‘zbekiston va Gretsiya o‘rtasida ta’lim, ilm-fan va madaniy hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida e’tirof etildi.