Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Ilmiy tadqiqot institutlari

Biofizika va biokimyo instituti

Biofizika va biokimyo instituti direktori b.f.d. akademik Sabirov Ravshan Zairovich
100174 Toshkent shahri, Talabalar shaharchasi, Universitet ko‘chasi, 174 uy.
Tel: +99871- 246-68-96 +99871-246-63-09
e-mail: ibb-nuu@mail.ru
web: https://ibb-nuu.uz/

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzurida Biofizika va biokimyo instituti Vazirlar Mahkamasining “Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy Universiteti huzurida Biofizika va biokimyo Institutini tashkil etish to‘g‘risida” gi 2018-yil 19-iyuldagi 558-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan.

Institutning faoliyati tirik mavjudotlarning barcha turkumlari –mikroorganizmlar, hayvonot va o‘simliklar olami va odamda kechayotgan biologik jarayonlarning biofizikaviy va biokimyoviy asoslarini o‘rganish va biologik faol moddalarning ta’sir ko‘rsatish mexanizmlarini hujayraviy hamda molekular darajada tadqiq etishga yo‘naltirilgan.

Institut tarkibida quyidagi laboratoriyalar faoliyat ko‘rsatadi:

1) Hujayra biofizikasi 2) Membranalar biofizikasi 3) Molekular biofizika 4) Elektrofiziologiya 5) Molekular fiziologiya 6) Metabolomika 7) Genomika 8) Evolyusion biokimyo.

Institutning asosiy vazifalari va yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
-fundamental izlanishdan innovatsion ishlanmalargacha bo‘lgan keng qamrovli yangi texnologiyalarni ishlab chiqarishni ta’minlovchi biofizika va biokimyo sohalaridagi kompleks va umumjahon yutuqlari bilan o‘zaro bog‘langan holdagi tadqiqotlarni amalga oshirish;

-Qo‘zg‘aluvchanlik xossaga ega a’zo va to‘qimalar, yurak va miya patologiyalarining molekular hamda hujayraviy mexanizmlarini, ularning qo‘zg‘aluvchanligi va qisqaruvchanligi, hujayraviy signalizatsiya mexanizmlarini aniqlash maqsadida hujayra biofizikasining dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazish;

-Normal fiziologiya va patologiyaning, shuningdek endokrin tizimining asosi sifatida bioenergetik jarayonlarning molekular biofizikasi sohasida tadqiqotlar olib borish;

-Mikroorganizmlar patogenligi va dori vositalari omillarini ta’sir qilish nuqtasi (nishon) sifatida nativ sharoitlarda va model membranaviy tizimlarda membranaviy jarayonlar biofizikasi sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish;

-Hujayra hajmini boshqarish va hujayralararo signalizatsiya kabi ion kanallari va transporterlar ishtirokida kechadigan fundamental hujayra jarayonlarining molekular fiziologiyasi sohasida tadqiqotlar olib borish;

-Hujayralarga va qon ivish tizimiga biologik faol moddalarni ta’sirini tadqiq etishda elektrofiziologik va biokimyoviy tadqiqotlarni olib borish;

-Endokrin tizimi va oliy asab faoliyati patologiyalarini biokimyoviy asoslarini o‘rganish, ularni korreksiyalash va medikamentoz davolash yo‘llarini izlab topish maqsadida fundamental metabolomika sohasida tadqiqotlar olib borish;

-Odam kasalliklari patogenetik mexanizmlarini aniqlashda va ularni genetik va farmakologik usullar bilan korreksiyalashda molekular-genetik va populyatsion-genetik tadqiqotlar olib borish;

-Qon tomir va boshqa patologiyalarni davolash uchun istiqbolli dori vositalari sifatida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan biologik faol oqsillar hamda boshqa biomolekulalar asosida fundamental evolyusion-biokimyoviy tadqiqotlar olib borish;

-Tibbiyot, farmakologiya va iqtisodiyotning boshqa sohalari talablaridan kelib chiqqan holda amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan biofizik hamda biokimyoviy usullar va hodisalar asosida biofizik va biokimyoviy tadqiqotlarning fundamental natijalari asosida innovatsion yechimlar va mahsulotlar ishlab chiqarish;
-institutni xalqaro ilmiy jamiyatlar bilan integratsiyasini ta’minlash maqsadida xalqaro loyihalar, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya va simpoziumlar o‘tkazish, yetakchi chet el biofiziklari va biokimyogarlari ishtirokida seminarlar, master-klasslar va hamkorlikda tadqiqotlar o‘tkazish, shuningdek institut xodimlarini dunyoning yetakchi laboratoriyalarida stajirovkasini tashkil etish;

-Oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlarida yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar – falsafa doktorlari (PhD) va fan doktorlari (DSc) tayyorlash, shuningdek bakalavr va magistrlar tayyorlashda ishtirok etish.