“Inson kapitali ijtimoiy davlatni izchil rivojlantirish omili sifatida” mavzusidailmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi

Joriy yilning 17-may kuni Oʻzbekiston Milliy universiteti “Ijtimoiy ish” kafedrasi tomonidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi, “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi, O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi hamkorligida Inson kapitali ijtimoiy davlatni izchil rivojlantirish omili sifatida mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Anjuman “Ijtimoiy ish” kafedrasi tomondan anʼanaviy tarzda oʻtkaziladigan ilmiy-amaliy xarakterga ega boʻlib, ijtimoiy sohani rivojlanish  dinamikasini tahlil qilishga bagʻishlandi.

Respublika ilmiy-amaliy konferensiya jarayonida quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha ilmiy maqolalar tahlil qilindi:

1-shoʻba. Ijtimoiy davlat inson kapitalini rivojlantirish omili sifatida.
2-shoʻba. Yoshlar inson kapitalini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish omili sifatida.
3-shoʻba. Inson kapitalini sotsiologik tadqiq qilish.
4-shoʻba. Taʼlim tizimida inson kapitalining oʻzgarishi va inklyuziya.
5-shoʻba. Nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash tizimini rivojlantirish va ular uchun  qulay muhitni shakllantirish.
6-shoʻba. Professional ijtimoiy xizmat koʻrsatish tizimini takomillashtirish.
7-shoʻba. Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, ularning huquqiy va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ayollarning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tengligini taʼminlash.
8-shoʻba. Jamiyatda bolalarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikni rad etish madaniyatini shakllantirish.

Mazkur konferensiya doirasida ijtimoiy himoya tizimi, ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, nogironligi bor shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, qiyin vaziyatda qolgan yoshlar va xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, oila va gender kabi yoʻnalish va sohalarga oid maʼruzalar tinglandi.

Anjumanda ijtimoiy ish sohasi jarayonida jahon miqyosida erishilgan yutuqlar, Birlashgan millatlar tashkilotining “Barqaror rivojlanish maqsadlari”da nazarda tutilgan ehtiyojmand aholi qatlamini ijtimoiy himoya qilish va kambag‘allik hamda qashshoqlikka qarshi kurashish, sog‘liq va farovonlik, sifatli ta’lim va barqaror rivojlanish alohida ahamiyat kasb etdi.

Mazkur konferensiya orqali xalqaro ekspert va olimlar, soha  mutaxassislari ijtimoiy ishning yangi innovatsion modellarini ishlab chiqish, rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribalarini o‘rganish, ijtimoiy ishga investitsiyalarni jalb qilish, mamlakatda ijtimoiy modellarni joriy qilish, ijtimoiy ishni tashkil qilishda idoralararo integratsion faoliyatni yo‘lga qo‘yish kabi dolzarb masalalarni muhokama qildilar.

Tadbirda ijtimoiy ishda davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik qilish va integratsion faoliyatni rivojlantirishda qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish, aholining ehtiyojmand qatlamidagi insonlarni ijtimoiy himoya qilish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlash zarurligini to‘g‘risida fikr almashuvi bo‘ldi.

Shuningdek, hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha muammolar va ularning yechimlari boʻyicha taklif va xulosalar berildi.

Respublika ilmiy-amaliy konferensiyada M.Auezov nomidagi Janubiy Qozogʻiston universiteti, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi raisi, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi, “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi va “Intilish” Respublika axborot ta’lim markazining vakillari, 20 ga yaqin hamkorlar, jumladan, professor-oʻqituvchilar, amaliyotchi mutaxassislar, ilmiy hodimlar, doktorantlar, izlanuvchilar, magistrlar va talabalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Konferensiya soʻngida faol ishtirok etgan ishtirokchilar sertifikatlar bilan taqdirlandi.