Bugun 11-mart kuni Iqtisodiyot fakultetida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki rahbar va mas’ul xodimlari hamda universitet Karyera va bandlik markazi ishtirokida bitiruvchi talabalar bilan uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda Markaziy bank Yoshlar yetakchilari kengashi mas’uli Elyor Ikromov hamda Markaziy bankning bir qator mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirdan asosiy maqsad — talabalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazgan muloqotida belgilangan ustuvor vazifalar mazmun-mohiyatini tushuntirish, yoshlarning bandligini ta’minlashga qaratilgan dasturlar haqida ma’lumot berish hamda bitiruvchilarning mehnat bozoriga muvaffaqiyatli kirib borishlariga ko‘maklashishdan iborat bo‘ldi.

Uchrashuv davomida “Kelajakka qadam” dasturi doirasida yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, shuningdek universitet Karyera va bandlik markazi tomonidan bitiruvchilarni ishga joylashtirish, ish beruvchilar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot taqdim etish va talabalarni kasbiy faoliyatga tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 10-dekabrdagi “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-246-son Farmoni mazmun-mohiyati haqida ham tushunchalar berildi. Markaziy bank vakillari tomonidan naqdsiz hisob-kitoblarni keng joriy etish, raqamli to‘lov tizimlarini rivojlantirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi.

Uchrashuv ochiq muloqot shaklida o‘tib, talabalar moliya-bank sohasidagi kasbiy imkoniyatlar, ishga qabul qilish tartibi hamda amaliy faoliyat bilan bog‘liq masalalar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldilar.