Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Jurnalistlar uyushmasi vakillari bilan ijodiy uchrashuv: yangi imkoniyatlar, amaliy tajriba va ilhom manbai

Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakultetida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi rahbariyati bilan talabalarning ijodiy uchrashuvi tashkil etildi. Uchrashuv davomida zamonaviy jurnalistika, yoshlar ijodiyoti, ommaviy axborot vositalarining bugungi kundagi o‘rni, shuningdek, talabalarning nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Tashrif chog‘ida talabalar bilan ochiq muloqot olib borildi, ularning savollariga atroflicha javob berildi. Jumladan, talabalar amaliyotini samarali tashkil etish, ular bilan birgalikda yangi media loyihalarni yo‘lga qo‘yish, jurnalistik materiallarni professional darajada tayyorlash bo‘yicha tavsiyalar berildi. Bu esa bo‘lajak jurnalistlar uchun katta amaliy yordam va motivatsiya bo‘ldi.

Uchrashuv doirasida Jurnalistlar uyushmasi tomonidan fakultet kutubxonasi hamda talabalar uchun adabiyotlar taqdim etildi. Bu kitoblar yosh ijodkorlarning bilim doirasini kengaytirish, ularga yangicha qarash va ilhom bag‘ishlashga xizmat qiladi.

Mazkur tadbir nafaqat talabalarning kasbiy yo‘nalishdagi ko‘nikmalarini mustahkamlash, balki ular orasida ijodiy muhitni shakllantirishda ham muhim qadam bo‘ldi. Amaliyot imkoniyatlari, professional jurnalistlar bilan bevosita muloqot, hamkorlikdagi loyihalar — bularning barchasi talabalarni o‘z ustida ishlashga, faol bo‘lishga undaydi.

Shubhasiz, bu kabi uchrashuvlar bo‘lajak jurnalistlar uchun katta tajriba maktabi bo‘lib xizmat qiladi. Talabalar o‘z sohasi vakillari bilan muloqotda bo‘lish orqali nafaqat bilim, balki ruhiy tayyorgarlik, ishga bo‘lgan mas’uliyat, kasbga sadoqat kabi muhim jihatlarni ham anglab yetadilar.

O‘zMU Axborot xizmati