O‘zbekiston Milliy universiteti Kimyo fakultetida ilm-fan yutuqlari ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Unda yosh tadqiqotchilar, yosh olimlar o‘zlarining innovatsion g‘oyalarini taqdimot qilishdi.
Tadbir davomida noorganik kimyo, analitik kimyo, organik kimyo, polimerlar kimyosi, fizikaviy kimyo hamda tabiiy birikmalar kimyosi kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘tkazilgan ilmiy ishlar namoyish etildi.
Doktorantlar tomonidan tayyorlangan ishlar nafaqat nazariy bilimlarga, balki amaliy natijalarga ham asoslangan bo‘lib, elektronika, sanoat, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik va ekologiya kabi sohalardagi dolzarb muammolarni hal etishga yo‘naltirilgan.
Ko‘rgazma universitet rahbariyati, kimyo fakulteti professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ilmiy ishlarga berilgan baho yosh olimlar izlanishlarining samarali natijasidir.
Bu kabi tadbirlar yoshlarning ilmiy izlanishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni rag‘batlantirish va fan orqali jamiyat muammolariga yechim topishga xizmat qiladi.
O‘zMU Axborot xizmati