Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

KITOB – ILM VA HIKMAT MANBAI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-sentabr kuni qabul qilingan “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutoaalasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida” gi qarori ijrosi yuzasidan Ijtimoiy fanlar fakultetida kitobxonlik, mutolaa madaniyatini targ‘ib qilishga qaratilgan “Kitob ilm va hikmat manbaidir” mavzusida tadbir hamda kengaytirilgan Kitob yarmarkasi tashkil etildi.
Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy hazratlari yozganidek, “Kitob – beminnat ustoz, bilim va ma’naviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbai” dir.
Xalqimiz tilida insonlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib kelayotgan, ularning bilimli, tarbiyali, kasb-hunarli va albatta baxtli bo‘lishining muhim omili – bu kitobga do‘st bo‘lish, va kitob o‘qishni kanda qilmaslikdir. Ayniqsa, yoshlarning hayotida kitobning alohida o‘rni bor. Chunki yaxshi kitob insonda Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini yuksaltirib, yaxshilik hamda ezgulikka undaydi.
Barkamol avlodlarni o‘stirib voyaga yetkazish, kelajakda farovon turmush qurishni orzu qilib intilib yashayotgan har qanday jamiyat, shu jumladan o‘zbek xalqining ham azaliy orzusidir. Shu o‘rnida, Abdurahmon Jomiy hazratlarining quyidagi misralarini keltirsak:
Kitobdan yaxshi do‘st yo‘q jahonda,
G‘amxo‘ring bo‘lgay u g‘amli zamonda.
U bilan qol tanho, hech bermas ozor,
Joningga yuz rohat beradi takror.

Shuning uchun ham yoshlarni har tomonlama fikrlaydigan, ma’nan yetuk, har qanday axborotni aql bilan tahlil eta oladigan, barkamol inson qilib tarbiyalash ustoz va murabbiylarimizning asosiy vazifalaridir. Tadbirda fakultet talabalariga olim va professor-o‘qituvchilar tomonidan kitob mutoalasiga oid noyob fikrlar bildirildi. Shuningdek, iqtidorli talabalar tomonidan “KITOB VIKTORINASI” o‘tkazildi. G‘olib talabalar esdalik sovg‘alari bilan taqdirldandi.

O’zMU Axborot xizmati