Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

“KONSTITUTSIYA – ERKIN VA FAROVON HAYOTIMIZ KAFOLATI”

Har bir davlat o‘z taraqqiyot yo‘lini tanlar ekan, eng muhim maqsad va vazifalarini belgilab oladi. Mamlakatimiz mustaqilligining ilk davrida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham xalqimizning xohish-irodasi, inson huquq va manfaatlari, davlat tuzilishi o‘z ifodasini topgan. Bosh qomusimiz, jinsi, irqi, millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, yurtimiz fuqarolari tengligining kafolatlanishini qayd etdi va zamonaviy demokratik taraqqiyot uchun zamin yaratdi.

Joriy yilning 7 dekabr kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirokida Bosh qomusimiz – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 28 yilligi munosabati bilan “Konstitutsiya – erkin va farovon hayotimiz kafolati” mavzusidagi ma’naviy-marifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirni O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Avazjon Marahimov kirish so‘zi bilan ochib berdi hamda barcha mehmonlarga samimiy tabrik yo‘lladi. Avazjon Raximovich o‘z nutqida jamiyatimizda fuqarolarning ayniqsa yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish borasidagi tizimli ishlar samaradorligi yildan-yilga oshib borayotganligi va bu boradagi ko‘nikmalarni talaba-yoshlarning ham hayot tarziga chuqur singdirish muhim ekanligini ta’kidladi.

Shuningdek tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi qonunchilik palatasi deputati Muhammadjon Valiyev hamda Toshkent shahar prorkurori katta yordamchisi Boburbek Abdullayevlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar 8 dekabr xalqimiz uchun mustaqil taraqqiyot yo‘lini belgilab, milliy davlatchilik, yangi siyosiy-ijtimoiy tizim barpo etish, demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurishning huquqiy poydevorini yaratib bergan muhim sanalardan biri ekanligini ta’kidladi. Shundan so‘ng, tadbirning badiiy qismiga navbat berilib, universitet iqtidorli talaba-yoshlari tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari, she’riy chiqishlar hamda vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar tarannum etildi.

Darhaqiqat, tadbirda qayd etilganidek, qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolar, ayniqsa, yosh avlodni ularga hurmat ruhida tarbiyalash inson manfaati, huquq va erkinliklarini kafolatlaydi, hayotimizning erkin va obod, turmushimizning yanada farovon bo‘lishiga xizmat qiladi.

Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi