Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

Konstitutsiyaviy sud bilan hamkorlikda ilmiy-amaliy davra suhbati bo‘lib o‘tdi

2024-yilning 8-may kuni O‘zbekiston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti bilan hamkorlikda “Davlat hokimiyatining bo‘linish tizimida konstitutsiyaviy sudning o‘rni” mavzusida ilmiy-amaliy davra suhbati bo‘lib o‘tdi. 

Davra suhbatida Konstitutsiyaviy sud vakillari hamda O‘zMUning o‘qituvchi va professorlari va talabalari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik tizimida Konstitutsiya ustuvorligini ta’minlashda konstitutsiyaviy nazorat institutining nazariy va amaliy jihatlarini muhokama qilindi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi M.Abdusalomov va Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori I.Madjidovlar kirish so‘zi bilan ochdilar. 

Konstitutsiyaviy sud raisi M.Abdusalomov O‘zbekiston Milliy universiteti o‘z faoliyati davrida ta’lim va ilm-fanni rivojlantirishga, shuningdek, yuridik sohaning turli tarmoqlari, ijtimoiy va ma’naviy sohalari uchun huquqshunos kadrlar tayyorlashga salmoqli hissa qo‘shganligini ta’kidladi.

Ma’lumki, Yangilangan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasining 133-moddasida konstitutsiyaviy shikoyat institutiga oid norma birinchi marotaba konstitutsiyaviy darajada mustahkamlandi. Mazkur normaning kiritilishi, eng avvalo inson huquq va erkinliklarini ta’minlash,  mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli demokratik islohotlar,  qonunchilikni liberallashtirish g‘oyalariga asoslangan. 

Davra suhbatida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunda konstitutsiyaviy shikoyat institutiga doir talablar, bir qator prinsipial yangiliklar mazmun-mohiyati xususida huquqshunos olimlar fikrlari, amaliyotga tadbiq etish masalalari, konstitutsiyaviy shikoyat institutining  ahamiyati haqida fikr almashildi. 

Tadbirda yangi O‘zbekistonda sud mustaqilligini mustahkamlash borasida  amalga oshirilayotgan islohotlarning jahon hamjamiyati tomonidan e’tirofi,  konstitutsiyaviy shikoyat institutini takomillashtirish bo‘yicha qizg‘in muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

Tadbir yakunida O‘zMU uzoq yillardan buyon oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlash tajribasiga ega oliy ta’lim muassasasi hisoblanishi, yurisprudensiyaga oid o‘quv soatlarini amaliyot bilan uyg‘unligini ta’minlash hamda nazariya va amaliyot masalalarini birgalikda rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va O‘zMU o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi.

Memorandum doirasida Konstitutsiyaviy sud amaliyoti bilan tanishtirishga o‘qituvchi va talabalarni jalb qilish, konstitutsiyaviy odil sudlovga oid dolzarb mavzular ro‘yhatini yaratish va ushbu mavzular bo‘yicha hamkorlikda tadqiqotlar olib borish, Konstitutsiyaviy sud faoliyati va bugungi kundagi dolzarb mavzular bo‘yicha ilmiy maqolalar, monografiyalar tayyorlash va nashr etish, respublika va xalqaro miqyosdagi ilmiy va amaliy seminar, konferensiya va davra suhbatlari tashkil etishga kelishib olindi.

O'zMU Axborot xizmati