Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Ma’lumotlar jurnalistikasi va barqaror rivojlanish

Yaqinda Olmaota shahrida “Ma’lumotlar jurnalistikasi barqaror rivojlanish uchun: maqsadlar, da’vatlar va Markaziy Osiyoda inson huquqlari” mavzuida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Anjumanda faol rivojlanayotgan yangi yo‘nalish – data jurnalistika bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari va Xitoy Xalq Respublikasi  olimlari, ekspertlari, amaliyotchilar, shuningdek, jurnalistika fakultetlari talabalari ishtirok etdi.

Media trend  sifatida ma’lumotlar  jurnalistikasi yoki data jurnalistika barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun, ayniqsa, inson huquqlarini himoya qilish sohasida katta ahamiyatga ega. O‘zMU Jurnalistika va  o‘zbek filologiyasi fakulteti tadqiqotchilari va talabalarining ma’ruzalarida O‘zbekistonda data jurnalistikaning shakllanishi,  inson huquqlarini himoya qilishda data jurnalistika vositalaridan foydalanish masalalari yoritildi.

Qozog‘iston Respublikasi Fan va oliy ta’lim vaziri Sayasat Nurbek videoaloqa orqali tadbir ishtirokchilariga murojaatida  ommaviy axborot vositalarining jamiyat oldida turgan muammolarni hal etishdagi o‘rni, voqealarni yoritishda jurnalist odob-axloq qoidalariga rioya qilishga  alohida e’tibor qaratdi.

Xalqaro konferensiya davomida YUNESKOning Xalqaro kommunikatsiyalarni rivojlantirish dasturi ko‘magida chop etilgan talabalar, amaliyotchilar va tadqiqotchilarga m o‘ljallangan “Ma’lumotlar jurnalistikasi  bo‘yicha kurs”ning taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

Mazkur o‘quv kursi Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston media sohasi olimlarining uch yillik hamkorlikdagi faoliyati samarasidir.  Kitob hozirda Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarining rasmiy tillariga tarjima qilinmoqda.