Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

Mamlakatimizning innovatsion salohiyatini yanada rivojlantirishni maqsad qilgan, kreativ fikrlaydigan yoshlar, isteʼdodli professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar va ilmiy tadqiqotchilar, pedagoglar va iqtisodiyot tarmoqlari mutaxassislari diqqatiga!

“El-yurt umidi” jamg‘armasi ilg‘or xorijiy davlatlar nufuzli universitetlari va ilmiy markazlarida bakalavriat, magistratura va doktoranturada taʼlim olish uchun 2022-yilgi 1-stipyendiya tanlovini eʼlon qiladi!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2022-yil mamlakatimizda "Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili" deb e’lon qilindi. Shuningdek, “Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot stratyegiyasi” loyihasida “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali erkin va ijodiy fikrlaydigan yoshlarni nufuzli xorijiy oliygohlarga o‘qishga yuborish ko‘lamini 2 baravarga oshirish taklifi ilgari surilmoqda. Shu bois, “El-yurt umidi” jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi uchun eng ustuvor sohalar, jumladan, kosmik texnologiyalar, nanotexnologiyalar, IT va raqamlashtirish, sunʼiy intellekt  sohalari; atom va quyosh energetikasi hamda enyergiyaning tiklanadigan manbalaridan foydalanishning boshqa innovatsion yo'nalishlari; sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, telemeditsina, virusologiya, mikrobiologiya, immunologiya sohalari; elektroenergetika, neft-gaz, neft-kimyo, kimyo, metallurgiya sohasining ustuvor tarmoqlari; mashinasozlik, avtomobil, elektrotexnika, to‘qimachilik va mahsulotlarni standartlashtirish yo'nalishlari; tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, bog‘dorchilik, chorvachilik, parrandachilik kabi agrar sohaning muhim tarmoqlari uchun 420 o‘ringa mo‘ljallangan ochiq stipendiya tanlovlarini eʼlon qiladi!
“El-yurt umidi” jamg‘armasi 2022-2023 o‘quv yili uchun eng nufuzli xorijiy davlatlarda: bakalavriat taʼlim dasturi uchun 120 nafar, magistratura taʼlim dasturi uchun 180 nafar, doktorantura taʼlim dasturi uchun 120 nafar stipyendiyalar ajratishini maʼlum qiladi.
Barcha taʼlim dasturlari bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kamida 20 ta o‘rin ajratilib, bunday yoshlarimizga alohida e’tibor qaratiladi.
Agar siz yuqori intellektual salohiyatga ega, zamonaviy va kreativ fikrlaydigan, mamlakat iqtisodiyoti va ilm-faniga innovatsion g‘oyalar va texnologiyalar olib kirish hamda uni raqamli asosda qayta shakllantirish asnosida rivojlantirishni o‘z oldingizga maqsad qilib qo‘ygan bo‘lsangiz – bu imkoniyat aynan siz uchun!
Nomzodlarning hujjatlari 2022-yil 10 yanvardan – 10-fevralga qadar, respublikaning barcha hududlari vakillari uchun yagona tartib va teng imkoniyat asosida, onlayn rejimda va elektron tarzda qabul qilinadi.
Saralash bosqichlari 2022-yil 10-fevraldan – 10-martga qadar davom etadi.
Saralash tanloviga oid barcha maʼlumotlar “El-yurt umidi” jamg‘armasining www.eyuf.uz sayti orqali batafsil eʼlon qilib boriladi.
Nomzodlar uchun barcha zarur maʼlumotlar jamg‘armaning Onlayn hujjat topshirish platformasida batafsil yoritib berilgan: http://admission.eyuf.uz/    
Bugungi kunda 300 nafarga yaqin stipendiatlarimiz AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Kanada, Yaponiya, Ispaniya, Janubiy Koreya va boshqa rivojlangan mamlakatlarning eng nufuzli taʼlim va tadqiqot, innovatsiya va amaliyot maskanlarida taʼlim olmoqdalar. Siz ham shunday imkoniyatini qo‘ldan boy bermang!

O‘zMU Axborot xizmati