Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari taraqqiyotida muhim bosqich

Mirzo Ulugʼbek nomidagi Oʼzbekiston Milliy universitetida shu yil 15-16 iyulь kunlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Toshkent shahrida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʼliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida oʼtkazilgan xalqaro konferentsiya mazmun-mohiyatini oʼqib-oʼrganishga bagʼishlangan onlayn suhbat oʼtkazildi. Quyida ushbu suhbatda bildirilgan ayrim tahliliy fikrlar va takliflar bilan tanishasiz.

Shuhrat Toshmatov, OʼzMU Oʼquv ishlari boʼyicha prorektori:
– Mazkur xalqaro konferentsiyani universitetimiz jamoasi oynai jahon orqali katta qiziqish bilan kuzatdi. Аnjumanda 44 ta mamlakat va 30 ga yaqin xalqaro tashkilot delegatsiyalari, nufuzli xorijiy ilmiy-tadqiqot va tahlil markazlari rahbarlari ishtirok etgani va unda jahon ahlini tashvishga solayotgan eng dolzarb masalalar muhokama etilgani mintaqamiz siyosiy-ijtimoiy hayotida gʼoyat muhim voqelik hisoblanadi. Oʼzbekiston qoʼshni mamlakatlar bilan tinchlik va doʼstlik, ishonch va yaxshi qoʼshnichilik munosabatlarini mustahkamlash, oʼzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishni oʼz tashqi siyosatining ustuvor yoʼnalishi sifatida belgilab olgani va bu borada tanlagan yoʼlimiz naqadar ezguligini har bir inson dildan his etadi, albatta. Konferentsiyada Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari oʼrtasidagi tarixiy yaqinlik, uni bugungi kunda oʼzaro ishonch va manfaatdorlik asosida mustahkamlashning ahamiyati haqida soʼzlagan nutqini barcha ziyolilar, ayniqsa, talabalarimiz teran nigoh ila oʼqib-oʼrganishlari maqsadga muvofiqdir. Shu maqsadda universitetimizda ushbu mavzuga bagʼishlangan ilmiy-amaliy anjuman oʼtkazishimiz maqsadga muvofiqdir.
Аhmadjon Meliboev, OʼzMU Jurnalistika fakulьteti dotsenti, Oʼzbekiston Respublikasida xizmat koʼrsatgan jurnalist:
– Prezidentimiz tarixi va taqdiri chambarchas bogʼliq boʼlgan mintaqamiz xalqlari asrlar davomida bir-birining madaniyatini boyitganligiga eʼtiborni qaratib: “Ikki mintaqaning oʼzaro yaqin hamkorligi natijasida yangi bilim va falsafiy qarashlar, tibbiyot va astronomiya, joʼgʼrofiya va matematika, geodeziya va meʼmorchilik, diplomatiya sanʼati va davlat boshqaruvi sohasidagi yutuqlar, yuksak madaniy va maʼnaviy-maʼrifiy qadriyatlar keng yoyildi”, deya taʼkidlab oʼtar ekan, tarixiy vaziyat taqozosi bilan ikki mintaqa aloqalarining uzilib qolganligi salbiy oqibatlarni keltirib chiqarganligini Prezidentimiz afsus bilan eʼtirof etdi. Bu masala koʼpdan buyon tinchliksevar, maʼrifatparvar xilmizni oʼylantirib kelayotgani bor gap. Bugun dunyo katta oʼzgarishlarni boshidan kechirayapti. Yangi zamonning talablari ham yangicha. Prezidentimiz yangi global geosiyosiy oʼzgarishlar davrida qariyb ikki milliard aholi yashaydigan Markaziy va Janubiy Osiyo oʼrtasidagi oʼzaro aloqalarni qayta tiklash, oʼzaro hamkorlikni jadal rivojlantirish hayotiy zaruriyatga aylanganini, hali ishga solinmagan ulkan imkoniyatlarni roʼyobga chiqarish barcha uchun manfaatli ekanligiga alohida eʼtibor qaratdi.
Аnjumanda men Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Аntoniu Guterrishning konferentsiya ishtirokchilariga yoʼllagan videomurojaatini, Аfgʼoniston Islom Respublikasi Prezidenti Аshraf Gʼani, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xonlarning soʼzlarini ham eʼtibor bilan tingladim. Ulardan ham koʼp xulosalar chiqarish mumkin. Prorektorimiz Shuhrat Toshmatov aytgan ilmiy-amaliy anjumanda bu haqdagi tahliliy fikrlarimni batafsilroq bayon etmoqchiman.
Raima Shirinova, OʼzMU Xalqaro aloqalar boʼyicha prorektori:
– Xalqaro ilmiy aloqalar xalqlarimiz maʼrifati yuksalishiga xizmat qiladi. Shu kunga qadar Milliy universitetimiz koʼplab rivojlangan davlatlar universitetlari bilan ana shunday ilmiy hamkorlikni rivojlantirib kelmoqda. Mazkur xalqaro anjuman mintaqamizda ham ilmiy, maʼrifiy, madaniy aloqalar rivojida muhim poydevor boʼlib xizmat qilishiga umid qilsak boʼladi.
Fazliddin Hikmatov, OʼzMU Geografiya va tabiiy resurslar fakulьteti professori:
– Ziyolilarimizga yaxshi maʼlumki, mamlakatimizda koʼp yillardan buyon Oʼzbekiston Geografiya jamiyati samarali faoliyat koʼrsatib kelmoqda. Qoʼshni mamlakatlarda tinchlik-osoyishtalik hukmron boʼlishi, ular bilan bilan ham ilmiy hamkorliklar yoʼlga qoʼyilishi mazkur jamiyatimiz rivojida muhim oʼrin tutadi Аnjuman davomida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ushbu maqsadlarning roʼyobga chiqishi uchun dasturilamal boʼlgan muhim tashabbuslarni ilgari surgani ayni muddao boʼldi. Yaʼni, davlatimiz rahbarining ilm-fan, texnologiya va innovatsiya sohalaridagi hamkorlikka qaratilgan tashabbuslari barcha olimlarni yanada ilhomlantirdi. Prezidentimizning ilmiy va madaniy-gumanitar almashuvlarni kengaytirish maqsadida Termiz shahrida YuNESKO shafeligida “Markaziy va Janubiy Osiyo tarixiy merosi” mavzuida xalqaro forum oʼtkazish taklifini biz bilan bir qatorda qoʼshni mamlakatlardagi hamkasblarimiz ham qizgʼin qoʼllab-quvvatlashlariga ishonamiz.
Laziza Gʼofurova, OʼzMU Biologiya fakulьteti professori:
– Markaziy va Janubiy Osiyo azaldan bir-birining madaniyatini boyitgan. Buyuk ipak yoʼli va boshqa yoʼllar orqali mahsulotlar, bilim, hunar va qadriyatlar tarqalgan. Koʼpincha bu mintaqalar yaxlit davlat tarkibida ham boʼlgan. Baqtriya va Kushon imperiyasi, Turk hoqonligi, Gʼaznaviylar, Temuriylar va Boburiylar davlati bunga yaqqol misoldir. Tarixdan maʼlumki, 19-asrda bu doʼstlik rishtalariga putur yetgan edi. Chegaralar paydo boʼlib, hamkorlik oʼrnini turli qarama-qarshilik, ishonchsizlik egalladi. Davlatimiz rahbari oʼz nutqida tarixiy aloqalarni tiklash muhimligini, saʼy-harakatlarni birlashtirish fursati kelganini taʼkidladi. Men Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning xalqaro konferentsiyada nutqini katta qiziqish bilan tingladim. Universitetimizda bu mavzuga bagʼishlangan ilmiy-amaliy anjumanda aytadigan tahliliy fikrlarimiz bor, albatta. Konferentsiya arafasida Toshkentda Markaziy Osiyo xalqaro instituti ochilgani ayni muddao boʼldi. Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida ushbu tahlil markazi qoshida mamlakatimizning taniqli olimlari, tadqiqotchi va tahlilchilardan iborat Ekspertlar kengashini tuzish taklifi ilgari surildi. Bu, albatta, kelgusida mintaqamizda ilm-maʼrifat rivojiga ulkan hissa qoʼshishiga ishonamiz.
Mahliyo Mirsoatova, OʼzMU Jurnalistika fakulьteti dekani:
– Mazkur xalqaro anjumanda davlatimiz rahbarining nutqi bizni chuqur mushohada undadi. Darhaqiqat, bugun dunyo ham tahdidlar, ham yangi imkoniyatlarni oʼzida tutgan global geosiyosiy transformatsiyalar davriga qadam bosdi. Bunday sharoitda 2 milliarddan ziyod odam yashayotgan Markaziy va Janubiy Osiyo oʼrtasidagi aloqalarning qayta tiklanishi yanada muhim va obʼektiv jarayonga aylanib bormoqda. Xalqlarimizning ulkan tarixiy, ilmiy va maʼnaviy-madaniy merosidan, iqtisodiyotlarimizning bir-birini toʼldirib turishidan, intellektual salohiyat borligidan kelib chiqib, birgalikdagi saʼy-harakatlarni birlashtirish fursati keldi. Bunday maʼnaviy birlashish jurnalistlarni juda qiziqtiradi. Oʼylaymanki, Prezidentimiz nutqida ilgari surilgan takliflar amalga oshishi mintaqadagi yagona axborot makonimiz takomilida ham muhim bosqich hisoblanadi.
Onlayn suhbatda OʼzMU professor-oʼqituvchilari mazkur xalqaro anjumanda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning xalqaro konferentsiyada soʼzlagan nutqini va boshqa muhim maʼlumotlarni teran nigoh bilan oʼqib-oʼrganish, talabalarga bu borada tegishli saboqlar berish haqida atroflicha soʼz yuritdilar.

Toʼlqin EShBEK,
OʼzMU Jurnalistika fakulьteti dotsenti,
xalq deputatlari Olmazor tuman Kengashi deputati