Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Mediamakondagi yangi hamkorlik


Bugun, 22 iyulь kuni Oʼzbekiston Milliy universitetiga “Diplomatic world” jurnali ijrochi direktori Barbara Ditrix tashrif buyurdi. Mazkur delegatsiyani Oʼzbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov va prorektorlar kutib oldilar.
Maʼlumot uchun: “Diplomatic world” yilda toʼrt marta raqamli va bosma shaklda chop etiladigan xalqaro jurnal, jahon siyosati, diplomatiya, biznes, moliya, sanʼat va madaniyat masalalarini yoritadi.
Uchrashuv mobaynida universitet rektori Inom Madjidov Oʼzbekistonning taʼlim tizimi va undagi asosiy oʼzgarishlar toʼgʼrisida maʼlumot berdi. Soʼngi yillarda oliy taʼlim tizimidagi islohotlarga batafsil toʼxtalib, mamlakatimizda oliy taʼlim qamrovi kengayib borayotganligini taʼkidlab oʼtdi.
Tashrif doirasida ijrochi direktor Barbara Ditrix Oʼzbekistondagi taʼlim tizimidagi yangiliklar bilan qiziqib, “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʼzaro bogʼliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzuidagi xalqaro konferentsiya oʼzgacha taassurot qoldirganligi hamda turli tadbirlarda Oʼzbekiston yoshlaridagi ishtiyoq va shijoatni kuzatganligini hamda bu uni ruhlantirganligini bildirdi. “Diplomatic world” jurnali ijrochi direktori Barbara Ditrix OʼzMU haqida Yevropaning bu nufuzli jurnalida maqola chop etishni rejalashtirilganini va shuning uchun shaxsan oʼzi OʼzMUga intervьyu olish maqsadida kelganini bildirdi. Unga koʼra, “Diplomatic World” jurnali 20 yildan buyon faoliyat olib borayotgan boʼlsa, Barbara Ditrixning direktor boʼlishiga qadar jurnal asosan siyosiy va diplomatik munosabatlarni yoritgan. 2017 yildan boshlab jurnal oʼz auditoriyasini kengaytirish maqsadida iqtisodiy, moliyaviy va madaniy sohalarni ham qamrab ola boshlaganligi aytib oʼtildi. Jurnal ijrochi direktori suhbat jarayonida xalqimizning mehmondoʼstligi, yoshlarimizning intilishi, ilm olishga ishtiyoqi va yangi gʼoyalar yaratish yoʼlidagi faollishini alohida taʼkidladi. Unga OʼzMU rektori Oʼzbekistonda taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlar, Oʼzbekiston Milliy universitetida amalga oshirilayotgan ishlar xususida maʼlumot berdi. Barbara Ditrik oʼzini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, taassurotlari bilan boʼlishdi. Uchrashuv soʼngida tomonlar oʼzlarini qiziqtirgan savollarni berishdi va Barbara Ditrix OʼzMU rektori Inom Madjidovning Oʼzbekistonning taʼlim tizimi toʼgʼrisida gʼarb davlatlari ishbilarmon doiralarini xabardor qilish hamda Oʼzbekiston Milliy universitetini xalqaro hamjamiyatga yanada tanitish maqsadida “Diplomatic World” jurnaliga maqola chop etish taklifini mamnuniyat bilan qabul qildi va jurnalning keyingi sonida ushbu maqolani chop etishga tayyorligini bildirdi.

OʼzMU Аxborot xizmati