Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

Mirzo Ulug‘bek haqida Siz bilmagan 12 muhim ma’lumot

22 mart – Mirzo Ulug‘bek tavallud topgan kun

1. ULUGʻBEKNING TUGʻILISHI KO‘PLAB INSONLAR HAYOTINI SAQLAB QOLGAN

Amir Temur 1394-yilda Iroqdagi Mordin qal’asini qamal qiladi. Shu vaqtda Sohibqironning Sultoniyadagi qarorgohida Ulug‘bek tug‘iladi. Tarixchi Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida yozilishicha, Amir Temur huzuriga chopar kelib Ulug‘bekning tug‘ilgani va munajjimlar bu nevara kelajakda ham olim, ham hukmdor bo‘lishini bashorat qilganlari xushxabarini yetkazadi. Sohibqiron xursandligidan Mordin qal’asi qamalini to‘xtatib, uning xalqiga yuklangan to‘lovni bekor qiladi.

2. O‘N BESH YOSHLI ULUGʻBEK BOBOSI TEMURNING SAMARQANDDAGI TAXTIGA O‘TIRGAN

Xuroson hokimi, Amir Temurning to‘rtinchi o‘g‘li Shohrux 1409-yilda Temuriylar davlatining oliy hukmdori sifatida e’tirof etilgach, ko‘lga kiritilgan Movarounnahrni idora etishni Turkiston viloyati bilan birga Ulug‘bekka topshirib, Sohibqiron vasiyatini qayta tikladi. O‘smir yoshdagi Ulug‘bek bu hududlarni dastlab Shohmalik yordamida boshqargan bo‘lsa, 19 yoshidan Movarounnahrni mustaqil idora etishga kirishdi. Ulug‘bek o‘z hukmronligi davomida 2 marta yirik harbiy yurish qildi.

3. HARBIY STRATEGIYALARDAN MOHIRONA FOYDALANGAN

Mirzo Ulug‘bek 1425-yili o‘zining Mo‘g‘ulistonga qilgan birinchi yirik harbiy yurishi chog‘ida qo‘shin miqdori haqida dushman noto‘g‘ri tasavvurga ega bo‘lishi uchun har bir jangchisiga tunda besh yerda gulxan yoqishni amir qilgan. Ulug‘bek qo‘llagan bu usul harbiy san’atda arg‘ay o‘t (mo‘g‘ulcha arg‘a – aldash, turkcha – o‘t, olov) deb nomlanadi. U dushmanni chalg‘itish maqsadida qo‘shin miqdorini bo‘rttirib, ko‘paytirib ko‘rsatish uchun ishlatiladi. Yurish Ulug‘bek g‘alabasi bilan tugagan.

4.BOBOSI SOHIBQIRON SAGʻANASIGA NEFRIT QABRTOSH QO‘YDIRGAN

Samarqanddagi Go‘ri Amir maqbarasiga temuriylar sulolasiga mansub kishilar dafn etilgan. Ziyoratxona yuqorisi (to‘ri)da Temurning piri Mir Sayyid Baraka, uning qabri oyoq tomoniga Amir Temur dafn qilingan. Temur sag‘anasiga qo‘yilgan ko‘k nefrit qabrtoshini Ulug‘bek Mo‘g‘ulistonga qilgan yurishi vaqtida olib kelgan. Toshdagi lavhada Temurni ulug‘laydigan so‘zlar, uning shajarasi hamda marsiyalar o‘ymakori yozuvlarda bitilgan. Keyinchalik Ulug‘bekning o‘zi ham shu yerga dafn etilgan.

5. BIBIXONIM JOME’ MASJIDIGA ULKAN LAVH O‘RNATTIRGAN

Amir Temurning katta xotini Bibixonim o‘zi farzand ko‘rmagan bo‘lsa-da, Sohibqiron o‘z nabiralari qatori Ulug‘bekni ham bevosita zukko Bibixonim tarbiyasiga topshirgan edi. Samarqandda Amir Temur Bibixonimga atab qurdirgan Bibixonim jome’ masjidi mavjud.
Masjid hovlisi o‘rtasida marmartoshdan yasalgan ulkan lavh – Qur’on o‘qiladigan maxsus kursi bo‘lib, u dastlab asosiy bino ichida turgan (1875-yilda katta gumbazning qulashidan xavflanib, hovli o‘rtasiga chiqarib qo‘yilgan).
Lavh Ulug‘bek farmoniga binoan XV asr o‘rtalarida yasalgan. Unga “Sultoni azim, oliy himmatli xoqon, din-diyonat homiysi, Xanafiya mazhabining posboni, aslzoda sulton, ibni sulton, amiri moʻminin Ulug‘bek Ko‘ragon”, deb bitilgan.

6. SULTON BO‘LSA-DA, TALABALARGA DARS BERGAN

Ulug‘bek Samarqandda ikkita madrasa: biri Registon ansambli tarkibida va ikkinchisi Go‘ri Amir ansambli tarkibida barpo etgan. Boshqa yirik olimlar qatorida Ulug‘bekning o‘zi ham bu madrasalarning har birida haftada bir marotaba ma’ruza o‘qigan.
Boshqa vaqtini ko‘proq astronomik kuzatishlarga, “Zij” ustida ishlashga va davlat ishlariga bag‘ishlagan. Yaqin yillargacha u faqat astronom va matematik deb hisoblanardi. Lekin XX asr oxirida uning ijodi serqirra o‘lib, u tarix, she’riyat va musiqa bobida ham qalam tebratgani aniqlandi. Ulug‘bek she’rlar ham yozgan.

7. ULUGʻBEKNING ULKAN GLOBUSI VA 50 METRLI QUYOSH SOATI BO‘LGAN

XV asrda Samarqanddagi Mirzo Ulug‘bek qurdirgan rasadxonada kattagina globus bo‘lgan. Unda iqlimlarning chegaralari, tog‘lar, cho‘llar, dengizlar va daryolar ko‘rsatilgan. Binobarin, dunyodagi ikkinchi globusni Samarqand astronomlari yasashgan. Ulug‘bekning o‘limidan keyin u mutaassiblar tomonidan yo‘qotilgan. Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Ulug‘bek Samarqandda balandligi 50 metrli quyosh soati yasagan. Ushbu noyob soat ham saqlanib qolmagan.

8. ULUGʻBEKNING DASTXATI BIZGACHA YeTIB KELGAN

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida Mirzo Ulug‘bekning samarqandlik xattot Azizullo tomonidan nasx xatida taxminan 1439-yilda, Ulug‘bek 45 yoshda bo‘lganida ko‘chirilgan “Ziji Ko‘ragoniy”si saqlanmoqda. Qo‘lyozma sahifalarida Ulug‘bekning tuzatishlari ham bor. Ushbu tuzatishlar uning dastxati, yozuvi haqida ma’lumot beradi.

9. SAMARQANDDA CHINNIDAN SAROY QURDIRGAN

XV asrning 40 yillarida Ulug‘bek Samarqandning Cho‘ponota tepaligida, Ulug‘bek rasadxonasiga yaqin joyda saroy bunyod ettirgan. Uning devorlari chinni bilan qoplangani uchun ham Chinnixona deb atalgan.
Ulug‘bek va boshqa olimlar shu yerda samoviy kuzatuv, ilmiy tadqiqotlardan so‘ng hordiq chiqarishgan. Chinnixonaning ko‘shkida rangli shishalar ishlatilgan. Arxeologik qazishmalar jarayonida Chinnixonadan topilgan tosh taxtachalardan biriga “baxtli bo‘l” yozuvi borligi aniqlangan.

10. PADARKUSH O‘GʻIL OTASI UMRINING YARMINI HAM YASHAY OLMAGAN

Ulug‘bek o‘zining o‘jar, xudbin va shuhratparast o‘g‘li Abdullatifning roziligi bilan 1449-yil 27-oktyabrda 55 yoshida Samarqand yaqinida qatl etilgan. Otasi taxtini egallagan Abdullatif ham olti oylik hukmronligidan so‘ng, Ulug‘bekning xos navkarlaridan Bobo Husayn Bahodir tomonidan 1450-yil 8-mayda, 27 yoshida o‘ldirilgan.

11. MOVAROUNNAHR TAXTI UNING KUYOVIGA HAM NASIB ETGAN

Ulug‘bek o‘z ukasi Ibrohim Mirzoning kenja o‘g‘li Abdullo Mirzoni 1448-yilda o‘z xizmatiga olib, 15 yoshli jiyaniga o‘z qizini bergan. Ulug‘bekning bu kuyovi o‘g‘li Abdullatif vafotidan so‘ng Ulug‘bek taxtini 1450–1451 yillarda boshqarib, Movarounnahr hukmdori ham bo‘lgan. U 18 yoshida toj-u taxt da’vogari, 27 yoshli temuriyzoda Abu Saidga qarshi jangda halok bo‘lgan.

12. ULUGʻBEKNING XAZINASINI UNING SHOGIRDI SAQLAB QOLGAN

Samarqandlik olim, Mirzo Ulug‘bekning yaqin shogirdi Ali Qushchining otasi Amir Temur qarorgohining boshlig‘i bo‘lgan. Ulug‘bek saroyida qarchig‘aylar boqqani uchun Alini “Qushchi” deyishgan. Ali Qushchini Mirzo Ulug‘bek “Ziji Ko‘ragoniy”ning so‘zboshisida “farzandi arjumand”, ya’ni “aziz farzandim” deb atagan.
Ulug‘bek vafotidan so‘ng uning Samarqanddagi 15 ming kitobdan iborat mashhur kutubxonasi xavf ostida qoladi. Kutubxonani “o‘z davrining Ptolomeyi” nomini olgan Ali Qushchi saqlab qolgan, degan taxminlar bor. Rivoyatlarga qaraganda kutubxonadagi kitoblarning ko‘p qismini Ali Qushchi Samarqand yaqinidagi Hazrat Bashir qishlog‘iga ko‘chirgan. Ko‘p o‘tmay, ta’qiblardan qochib Samarqanddan chiqib ketishga majbur bo‘lgan.

Alisher EGAMBERDIYEV