Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida 2024/2025-o‘quv yili 1-kurs talabalari uchun o‘tkaziladigan yakuniy nazorat imtihonlari bo‘yicha.


E S L A T M A

Yakuniy nazorat imtihotlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonini tashkil etish bilan bog‘liq tizimni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 31-dekabrdagi 824-son qarori, Oliy ta’lim muassasalarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholash tizimi to‘g‘risidagi nizomi (Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 26-sentabrda 3069-raqami bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan), shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2024-yil 2-dekabrdagi “Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalar bilimini baholash va nazorat qilish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 452-son buyrug‘i hamda O‘zbekiston Milliy universitetining tegishli ichki idoraviy hujjatlari talablari asosida amalga oshiriladi.


Mazkur me’yoriy huquqiy hujjatlarga muvofiq yakuniy nazorat imtihonlari quyidagi tartibda o‘tkaziladi:
1. Talabalar yakuniy nazorat imtihonlariga shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport, ID karta, talabalik guvohnomasi) ko‘rsatilgandan so‘ng kiritiladi;
2. Yakuniy nazorat imtihonlari vaqtida talabalarning auditoriyadan chiqishi ta’qiqlanadi va auditoriyadan chiqqan talabalar ushbu imtihonga qayta qo‘yilmaydi;
3. Imtihon jadvalida belgilangan imtihon vaqti rasman boshlangandan so‘ng kechikib kelgan talabalar imtihonda ishtirok etishga ruxsat etilmaydi;
4. Yakuniy nazorat imtihonlariga talabalar tomonidan turli xil vositalar, jumladan, uyali aloqa vositalari, mikro quloqchin, planshet, kompyuter hamda ko‘chirmachilikka sabab bo‘ladigan har qanday vositalarni olib kirilishi va foydalanilishi qat’iyan ta’qiqlanadi. Mazkur (shu jumladan universitetning ichki idoraviy hujjatlarida belgilangan boshqa tartiblarni buzish holatlari) holatlar aniqlanganda, talabaga nisbatan dalolatnoma rasmiylashtirish orqali imtihondan chetlashtiriladi. Ushbu holat imtihon jarayonlari yakunlangandan so‘ng aniqlangan (kuzatuv kamerlaridagi tasvirlar orqali aniqlanganda) taqdirda talabaning imtihon natijasi bekor qilinadi;
5. Yakuniy nazorat imtihoni savollarining 40-50 foizi bevosita auditoriyada o‘tilgan mavzular bo‘yicha, 50-60 foizi mustaqil ta’lim mavzularidan iborat bo‘ladi.
6. Test shaklida o‘tkaziladigan yakuniy nazorat imtihonida bitta fan uchun 50 ta savol va har bir savol uchun 1,5 daqiqa vaqt belgilanadi. Har bir savol 2 foizni tashkil etadi, jami 50 ta savolga eng yuqori 100 foiz olish mumkin. 60 foizdan kam natijaga erishganlar qoniqarsiz baholanadi.
7. Yozma shaklida o‘tkaziladigan yakuniy nazorat imtihonida fan uchun 80 daqiqa vaqt belgilanadi. Yozma ishni baholash har bir fan bo‘yicha tasdiqlangan o‘quv dasturida (sillabus) belgilangan baholash mezonlari asosida amalga oshiriladi.
8. Yozma shaklida o‘tkaziladigan Yakuniy nazorat imtihonida berilgan savollarga talabalarning bergan javoblari shifrlanadi, keyin baholovchi professor-o‘qituvchilarga taqdim etiladi.
9. Talaba yakuniy nazorat imtihoni natijasi bilan HEMIS axborot tizimidagi o‘zining shaxsiy kabineti orqali tanishishi mumkin;
10. Talaba yozma imtihonlar bo‘yicha baholash mezonlari bilan har bir fan bo‘yicha tasdiqlangan o‘quv dasturi (sillabus) orqali tanishish mumkin;
11. Talaba qo‘yilgan bahodan norozi bo‘lgan taqdirda, yakuniy nazorat imtihoni natijalari HEMIS axborot tizimida qayd qilingandan so‘ng 24 soat davomida fakultet dekani nomiga apellyatsiya shikoyatini berishi mumkin.
12. Test sinovlari natijasi talabaning imzosi orqali nazoratchi tomonidan qayd qilinadi.
Yozma shaklda o‘tkaziladigan yakuniy nazorat imtihoniga talabalar o‘zlari bilan ko‘k rangli (sharikli) ruchka olib kelishlari zarur.