E ‘ L O N
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2024-yil 2-dekabrdagi “Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalar bilimini baholash va nazorat qilish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 452-son buyrug‘iga asosan 2024/2025-o‘quv yiling 1-kurs talabalari uchun 1-semestr yakuni bo‘yicha yakuniy nazorat imtihonlari joriy yilning 13-yanvar kunidan 25-yanvar kuniga (25-yanvar kuni ham) qadar o‘tkaziladi.
Mazkur buyruq ilovasida keltirilganlarga muvofiq:
Talabalar yakuniy nazorat imtihonlariga shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport, ID karta, talabalik guvohnomasi) bilan kelishlari talab etiladi.
Imtihon jadvalida belgilangan vaqtda imtihon rasman boshlangandan so‘ng kechikib kelgan talabalarga imtihonda ishtirok etishga ruxsat etilmaydi.
Yakuniy nazorat imtihonlari vaqtida talabalarning auditoriyadan chiqishi ta’qiqlanadi va auditoriyadan chiqqan talabalar ushbu imtihonga qayta qo‘yilmaydi.
Yakuniy nazorat imtihoni savollarining 40-50 foizi bevosita auditoriyada o‘tilgan mavzular bo‘yicha, 50-60 foizi mustaqil ta’lim mavzularidan iborat bo‘lishi tavsiya etiladi.
Yakuniy nazorat imtihonlariga talabalar tomonidan turli xil vositalar, jumladan, uyali aloqa vositasi, mikro quloqchin, smart soat, kompyuter, planshet hamda ko‘chirmachilikka sabab bo‘ladigan har qanday vositalarni olib kirilishi va foydalanilishi qat’iyan ta’qiqlanadi. Mazkur (shu jumladan universitetning ichki idoraviy hujjatlarida belgilangan boshqa tartiblarni buzish holatlari) holatlar aniqlanganda, talabaga nisbatan dalolatnoma rasmiylashtirish orqali imtihondan chetlashtiriladi. Ushbu holat imtihon jarayonlari yakunlangandan so‘ng aniqlangan (kuzatuv kamerlaridagi tasvirlar orqali aniqlanganda) taqdirda talabaning imtihon natijasi bekor qilinadi.
Shu bilan universitet ma’muriyati quyidagilarni ma’lumot qiladi:
Yakuniy nazorat bo‘yicha fanlararo test savolnomalari universitet saytida joylashtirilgan bo‘lib, jami 50 ta savoldan iborat. Har bir savol 2 foizni tashkil etadi, jami 50 ta savolga eng yuqori 100 foiz olish mumkin. 60 foizdan kam natijaga erishganlar qoniqarsiz baholanadi.
Yozma imtihonlar bo‘yicha baholash mezonlari bilan har bir fan bo‘yicha tasdiqlangan o‘quv dasturi (sillabus) orqali tanishish mumkin.
Talaba yakuniy nazorat imtihoni natijasi bilan HEMIS axborot tizimidagi o‘zining shaxsiy kabineti orqali tanishishi mumkin.