🔴Bugun, 18 sentyabr kuni O‘zbekiston Milliy universitetiga Michigan shtat universiteti (Michigan State University – MSU, QS World University Rankings 2026 TOP-170) Yer fanlari kafedrasi dotsenti, yer qimirlashi seysmologiyasi bo‘yicha mutaxassis Kevin Makkiy (Kevin Mackey) hamda Lourens Livermor Milliy laboratoriyasi (Lawrence Livermore National Laboratory – LLNL) vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi. Mehmonlarni Xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor Raima Shirinova boshchiligida Geologiya va muhandislik fakulteti dekani hamda professor-o‘qituvchilar samimiy kutib oldilar.
🔴Uchrashuv avvalida O‘zMU haqida videorolik namoyish etilib, universitetning ta’lim va ilmiy yo‘nalishlari bilan tanishtirildi. Suhbat davomida Michigan universiteti vakili Kevin Makkiy O‘zMU geologiya mutaxassislari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, O‘zMU professor va talabalari amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazadigan “Oqsоq-ota” o‘quv-dala amaliyot poligonida olib borilayotgan qo‘shma ilmiy-amaliy ishlar haqida ma’lumotlar berdilar. Shu asosda mehmonlar O‘zMU bilan yangi ilmiy loyihalarni amalga oshirish va hamkorlikni yanada kengaytirish taklifini bildirdilar.
🔴O‘zMU vakillari mazkur takliflarni qo‘llab-quvvatlab, shuningdek, Michigan universiteti bilan akademik mobillik dasturlari doirasida talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish taklifini ilgari surdilar.
🔴Uchrashuv yakunida har ikki tomon kelgusida hamkorlik kelishuvini imzolash borasida kelishib oldilar.

