Bugun, O‘zbekiston Milliy universitetida rahbariyat, soha prorektorlari, fakultet dekanlari, tegishli bo‘lim boshliqlari hamda boshqa mas’ul xodimlar ishtirokida muhim yig‘ilish tashkil etildi.
Yig‘ilishda ta’lim, o‘quv, o‘quv-uslubiy faoliyat, ma’naviy-ma’rifiy, xalqaro, ilmiy-tadqiqot ishlari hamda moliyaviy yo‘nalishlar bo‘yicha dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Dastlab, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Shuhrat Toshmatov ta’lim jarayonidagi mavjud muammolarni aniqlab, ularni bartaraf etishga qaratilgan samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha takliflarini taqdim etdi. O‘quv jarayonlarini samarali tashkil etish, professor-o‘qituvchilar faoliyati, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash, xorijiy talabalar bilan bog‘liq mavzularda tegishli topshiriqlar berdi.
Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Jabbor Muhammadiyev talabalarni turar-joy hamda ijara xonadonlari bilan ta’minlash hamda ular o‘rtasida universitet ichki tartib va odob-axloq qoidalari targ‘ibotini kuchaytirish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish yuzasidan fikr bildirdi.

Moliyaviy-iqtisodiy ishlar bo‘yicha prorektor Vali Yodgorov universitet moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, resurslardan samarali foydalanish va boshqa muhim masalalarga to‘xtalib o‘tdi.
Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Yoqub Ergashov ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi doktorantlar, izlanuvchilarga keng imkoniyat yaratish, ularni doimiy nazorat qilib borish, universitet ilmiy salohiyatini yanada ko‘tarish, xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor Raima Shirinova esa o‘z sohalariga doir yangiliklar va rejalarni taqdim etdi.
Uslubiy ta’minlash va ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘yicha prorektor Ravshan Musurmonov uslubiy masalalar, shuningdek, ichki turizmni rivojlantirishga hissa qo‘shish hamda universitetga biriktirilgan turizm obyektlari bo‘yicha yangi o‘quv yili rejalari yuzasidan fikr bildirdi.

Yig‘ilish yakunida qayd etilgan masalalarni tezkor va tugal hal etish uchun aniq vazifalar va zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.
O‘zMU Axborot xizmati