Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Navbatdagi universitet Kengashi bo‘lib o‘tdi

Bugun, 27-mart kuni O‘zbekiston Milliy universitetida navbatdagi universitet Kengashi majlisi bo‘lib o‘tdi. Kun tartibida universitet faoliyatiga taalluqli, shuningdek, o’quv, ilmiy va boshqa yo’nalishlarga doir muhim masalalar muhokama qilindi.

Yig‘ilish avvalida 2024/2025 o‘quv yili uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi va nomli davlat stipendiyalari tanlovi g‘oliblari hamda ularning ilmiy rahbarlari taqdirlandi.

Kengashning asosiy masalalar qismida universitetda 2022/2024-yillarda energiya resurslarini tejash va qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va 2025-yilda energiya tejamkorligini oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar xususida axborot berildi.

Universitetda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarida 2024/2025 o‘quv yili qishki sessiya natijalari hamda ta’lim sifatini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha taqdimot qilindi.

Universitet huzuridagi “Tabiiy va aniq fanlar”ga ixtisoslashtirilgan S.X.Sirojiddinov nomidagi Respublika akademik litseyida tashkil etilgan ta’lim-tarbiya jarayonining holati tahlil qilindi.

Shuningdek, to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan, o‘quv semestri yakuni bo‘yicha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari «a’lo» baho bo‘lgan talabalarga stipendiya tayinlash hamda universitetning Registrator ofisi nizomini tasdiqlash masalasi ko‘tarildi.

Bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalari matni originallik darajasining quyi chegarasi hamda texnik va to‘g‘ri o‘zlashtirish darajalarining nisbatlarini belgilash muhokama qilindi.

Universitet huzuridagi “Tabiiy va aniq fanlar”ga ixtisoslashtirilgan S.X.Sirojiddinov nomidagi respublika akademik litseyi o‘quvchilariga 2024/2025 o‘quv yili ikkinchi semestri uchun “Rektor stipendiyasi”ni tayinlashni masalasi ko‘rib chiqildi.

Universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan o‘quv adabiyotlariga nashr guvohnomasini berish kengashning so‘nggi masalasi bo‘ldi.

O‘zMU Axborot xizmati