Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Matematika fakulteti hamda V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti hamkorligida, O‘zbekiston Matematika jamiyati tashabbusi bilan “Noevklid geometriyaning paydo bo‘lishi va uning zamonaviy yo‘nalishlari” mavzusida ilmiy anjuman tashkil etildi. Unda respublikamizning yetakchi olimlari, yosh o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, doktorantlar hamda iqtidorli talabalar ishtirok etdi.

Anjuman doirasida noevklid geometriyaning shakllanish tarixi, uning nazariy-metodologik asoslari, zamonaviy matematikadagi o‘rni va amaliy qo‘llanilish yo‘nalishlariga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi. Xususan, akademik Abdulla Azamov hamda professor Abdulaziz Artikbayev mazkur yo‘nalishning dolzarb masalalari yuzasidan ma’ruza qildi.


Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Prezidenti, akademik Shavkat Ayupov iqtidorli yoshlarni ilm-fanga keng jalb etish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy ilmiy muhitni yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Tadbir davomida noevklid geometriyaning differensial geometriya, topologiya, nazariy fizika hamda axborot texnologiyalari bilan uzviy bog‘liqligi yuzasidan fikr almashildi. Ishtirokchilar tomonidan dolzarb ilmiy muammolar, istiqboldagi tadqiqot yo‘nalishlari hamda ilmiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.



Anjuman yakunida talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro matematika olimpiadasi g‘oliblariga Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektorining faxriy yorliqlari tantanali ravishda topshirildi.
Mazkur ilmiy anjuman matematika sohasida ilmiy salohiyatni mustahkamlash, zamonaviy ilmiy yo‘nalishlarni rivojlantirish hamda yoshlarni ilmiy izlanishlarga faol jalb etishda muhim ahamiyat kasb etdi.