OʻzMU kimyo fakulteti hamda Qozoq Milliy universiteti kimyo va kimyoviy texnologiyalar fakulteti oʻrtasida hamkorlik aloqalari rivojlanmoqda

Joriy yilning 25-26-aprelida Almati shahrida al-Farobiy nomidagi Qozoq Milliy universiteti tashkil topganligining 90 yilligiga bagʻishlangan “Funksional materiallarning kimyoviy texnologiyalari” mavzusida Xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Konferensiyani prof. Е.A.Aubakirov boshchiligidagi “Fizikaviy kimyo, kataliz va neft kimyosi” kafedrasi tashkillashtirdi. Konferensiya ishida Rossiya Federatsiyasi, Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Turkiya, Buyuk Britaniya, Gretsiya, Finlyandiya va Morokko olimlari qatnashdilar.
Anjumanda Oʻzbekiston Milliy universitetidan prof. Akbarov H.I. va prof. Kattayev N.T. fizikaviy kimyo kafedrasida sintez qilingan zamonaviy materiallarning fizik-kimyoviy xossalariga bagʻishlangan plenar maʼruzalar bilan qatnashdilar. Nanomateriallarning sintezi, uglerod materiallar, fotokatalizatorlar, litiy-ion akkumulyatorlar, vodorod energetikasi yoʻnalishlaridagi qiziqarli maʼruzalar bilan turli mamlakatlarning olimlari oʻzlarining tadqiqotlari bilan tanishtirdilar.
Anjuman qatnashchilari kimyo va kimyoviy texnologiyalar fakultetining ilmiy laboratoriyalari hamda oʻquv jarayoni va fizikaviy kimyo, kolloid kimyo, analitik, noorganik va organik kimyo oʻquv laboratoriyalarining jixozlanganligi bilan tanishdilar. Akademik mobillik doirasida bakalavriat talabalariga master-klasslar uyushtirildi. Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining professorlari H.I.Akbarov va N.T.Kattayevlar fizikaviy kimyo, kimyoviy termodinamika, kvant mexanika va kvant kimyo yoʻnalishlarida master-klassslar oʻtkazib berishdi.


Konferensiya doirasida fakultet dekani prof.Galeeva A.K. boshchiligida va kafedra mudirlari A.M.Arginbayeva, Aubakirov Е.A., dos.Niyazbayeva A.I., prof.Irmuxametova G.S., k.x.n. Tulepov M.I. ishtirokida fakultet olimlarining turli yoʻnalishlarda erishgan ilmiy yutuqlari koʻrgazmasi uyushtirildi va kafedralar ishlanmalarini amaliyotga joriy etish natijalari koʻrsatildi. Shundan soʻng taniqli olim prof.Kudaybergenov S.Ye. boshchiligidagi Polimer materiallar va texnologiyalar institutiga tashrif uyushtirilib, institutdagi noyob asbob-uskunalar bilan jixozlangan laboratoriyalar faoliyati bilan tanishildi hamda hamkorlik aloqalari oʻrnatildi.
Konferensiya yakunida turli mamlakat olimlari ishtirokida Rossiya-Qozogʻiston-Oʻzbekiston yillik anʼanaviy ilmiy anjumanlar tashkil qilish haqida hamda taʼlim sohasidagi hamkorlik doirasida ushbu mamlakatlar talabalari orasida fizikaviy kimyo boʻyicha Xalqaro olimpiadalar oʻtkazish kelishib olindi. OʻzMU “Fizikaviy kimyo” kafedrasi bilan QozMU “Fizikaviy kimyo, kataliz va neft kimyosi” va “Analitik, kolloid kimyo va siyrak metallar texnologiyasi” kafedralari oʻrtasida akademik mobillik boʻyicha talabalar almashinuvi, maʼruzalar oʻqish, doktorantlarga birgalikda rahbarlik qilish, oʻqituvchilarning malaka oshirishi masalalari muhokama qilindi.