O‘zbekiston «Adolat» SDP tashabbusi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Rahbar va yoshlar» mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti professor-o‘qituvchilari hamda Ijtimoiy fanlar fakultetining bir guruh faol talabalari ishtirok etdilar.

Uchrashuvda «Adolat» SDP Siyosiy Kengashi raisi Robaxon Mahmudova mamlakatimizda yoshlar siyosati davlat ahamiyatiga molik ustuvor vazifa ekanini ta’kidlab, sohadagi institutsional islohotlarga to‘xtaldi. Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 20-aprelda imzolangan «Yangi O‘zbekiston yoshlari — 2030» strategiyasining mazmun-mohiyati talaba-yoshlarga atroflicha tushuntirildi.

Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Milliy universiteti birinchi prorektori Tunis Xojiyev oliy ta’lim muassasasi va qonun chiqaruvchi hokimiyat o‘rtasidagi bu kabi jonli muloqotlar talabalarning siyosiy-huquqiy madaniyatini yuksaltirishda muhim omil bo‘lishini qayd etdi. OʻzMUning intellektual salohiyatli yoshlari nafaqat ilm-fanda, balki mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida ham yetakchi ekani alohida e’tirof etildi.

Muloqot davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan ta’lim sifati, bandlik va raqamli texnologiyalar yo‘nalishidagi savollariga deputatlar va soha mutaxassislaridan batafsil javob oldilar. Talabalar tomonidan ilgari surilgan qator takliflar partiyaning kelgusi ish rejalari va loyihalariga kiritish uchun qayd etib olindi.

Uchrashuv yakunida OʻzMU delegatsiyasi uchun Qonunchilik palatasi bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi. Talabalar palata kutubxonasi, muzeyi hamda Yalpi majlislar zalida bo‘lib, qonun loyihalarini ishlab chiqish va qabul qilishning murakkab jarayonlari bilan bevosita tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.