Joriy yilining mart oyida Belarus Respublikasi taʼlim vaziri boshchiligida delegatsiya Oʼzbekistonga tashrif buyurib respublikamizdagi yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish borasida muzokaralar olib borgan edi. Shu jumladan, Oʼzbekiston Milliy universiteti ham Belarus Milliy Texnika universiteti hamda Respublika kasb-hunar taʼlimi instituti bilan hamkorlik memorundumi imzolagan edi. Oʼtgan vaqt mobaynida hamkor universitetning soha prorektorlari hamda mutaxassislari yangi oʼquv yilida qoʼshma taʼlim dasturlarini yoʼlga qoʼyish boʼyicha meʼyoriy hujjatlar ustida ish olib bordilar.
Eslatib oʼtamiz, Oʼzbekiston Milliy universitetida 2019 yilda Belorusь Davlat universitetining А.Saxarov nomidagi xalqaro Davlat Ekologiya instituti bilan hamkorlik shartnomasi imzolangan va unga muvofiq ikki oliy taʼlim muassasasi oʼrtasida “Biologik ish” va Ekologiya va atrof muhit muhofazasi yoʼnalishlarida qoʼshma taʼlim dasturlarini yoʼlga qoʼygan va bugungi kunda mazkur yoʼnalishda 40 nafar talaba tahsil olmoqda.
Hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish va takomillashtirish maqsadida 5 aprelda Belorus Davlat universiteti rektori boshchiligidagi delegatsiya Oʼzbekiston Milliy universiteti tashrif buyurdi. Xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish va rivojlantirishga qaratilgan uchrashuvda hamkorlik memorandumi imzolandi. Shuningdek, universitet rahbarlari kelajakda istiqbolli yoʼnalishlarda qoʼshma taʼlim dasturlarini kengaytirish, talabalarning akademik mobilligini oshirish, yoshlar uchun madaniy festivallar tashkil qilish va bu orqali yoshlarni maqsadli taʼlim hamda ilmga yoʼnaltirish rejalari xususida fikr almashdilar.
Xususan, yetuk olimlar salohiyatidan foydalanib ular bilan hamkorlikda ilmiy loyihalar yozish, ilmiy nashrlarni hamkorlikda chop etish, ilmiy salohiyatdan unumli foydalanish maqsadida universitet jurnali tahrir hayʼatida ishtirok etish kabi bir qator masalalarni muhokama etdilar. Universitet rahbarlari samaradorlikni oshirish, manzilli va maqsadli ishlarni amalga oshirish maqsadida “Yoʼl xaritasi” ishlab chiqish va uning natijadorligini taʼminlashga kelishib oldilar.
Shuningdek, Belorus Davlat universiteti rektori Аndrey Korol Oʼzbekiston Milliy universiteti talaba magistrlari va doktorantlariga “XXI asrda universitet taʼlimida dialog: metodologiya va amaliyot mavzuida” maʼruza oʼtib berdi.
Xalqaro aloqalar boʼyicha prorektor
Raima Shirinova