Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining tegishli buyrug‘i asosida oliy ta’lim tashkilotlarining devonxona mudirlari, ijro intizomi hamda murojaatlar bilan ishlash bo‘limi boshliqlari uchun qisqa muddatli o‘quv kursi tashkil etildi.
Vazirlik huzuridagi Oliy ta’lim tizimi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti hamda O‘zbekiston Milliy universitetida shu yilning 21-yanvar kunidan boshlab 28-fevraliga qadar bo‘lib o‘tadigan o‘quv kurslarida faoliyatni yanada rivojlantirishga qaratilgan zarur ko‘nikmalar, bilim va tajribalar ulashiladi.
Bugun, Oliy ta’lim tashkilotlarining bir guruh devonxona mudirlari, ijro intizomi hamda murojaatlar bilan ishlash bo‘limi boshliqlari O‘zbekiston Milliy universitetiga kelishdi.
O‘zMU Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, nazorat va monitoring bo‘limi boshlig‘i Abdug‘affor Insopov o‘quv kurslariga jalb qilingan tinglovchilarni universitetda murojaatlar bilan ishlash, ijro intizomini ta’minlash, ijro nazorati va monitoringini olib borish, ish yuritish samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati bilan yaqindan tanishtirdi.
Tinglovchilarga universitet bilan tajriba almashinish hamda ularni qiziqtirgan savollariga to‘liq javob olishlari uchun yetarli imkoniyat yaratildi.
O‘zbekiston Milliy universitetida tegishli tizim xodimlari uchun tashkil etilgan o‘quv kurslari 28-fevralga qadar davom etadi.
O‘zMU Matbuot xizmati