
O‘zbekiston Milliy universiteti va Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy universiteti o‘rtasida imzolangan Memorandum asosida universitetlar o‘rtasida xalqaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilning 1-3-may kunlari Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy universiteti professori Elubaeva Perizat Keldibaevna hamda Olmaota shahridagi 133-sonli maktab-gimnaziyaning o‘qituvchi-tadqiqotchisi Altinay Yelubaeva Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakulteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasiga tashrif buyurdi.
Prof. P.Elubaeva talabalarga ma’ruza o‘qidi hamda turkolog mutaxassislarni tayyorlashning o‘ziga xos jihatlari, turkshunoslik ilmiy yo‘nalishining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari, shuningdek, ta’limda media savodxonlik masalalari bo‘yicha ma’lumot berdi. Uchrashuvda kelajakda qilinishi lozim bo‘lgan rejalar, jumladan, xalqaro loyihalar xususida fikr yuritildi.