Bugun, 17-dekabr kuni, O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, professor Inom Madjidov Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Ilm-fan jamg‘armasi (ECO Science Foundation) prezidenti Seyed Komail Tayebi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, fan va texnologiyalar sohasidagi istiqbolli dasturlar va tashabbuslar muhokama qilindi.

Seyed Komail Tayebi EKOSF’ning asosiy vazifalari, tuzilmasi va uning mintaqadagi strategik o‘rni haqida keng ma’lumot berdi. U, shuningdek, O‘zbekiston bilan olib borilayotgan hamkorlik loyihalari, fan, texnologiya va innovatsiyalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan dasturlar va mintaqaviy hamkorlik tashabbuslari haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
Inom Madjidov mehmonlarni universitetda qabul qilganidan mamnun ekanini bildirib, iqlim o‘zgarishi va ekologik barqarorlik yo‘nalishidagi takliflarni qo‘llab-quvvatladi. U, shuningdek, ekologik masalalar bo‘yicha xalqaro konferensiya tashkil etish va boshqa muhim masalalarda hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Hamkorlikning aniq masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan mas’ul prorektorlar va loyiha koordinatorlari tayinlandi, vazifalarni bosqichma-bosqich amalga oshirishga kelishib olindi.
O‘zMU Axborot xizmati