O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidovning bayram tabrigi

Hurmatli universitetimiz xotin-qizlari,
Qadrli olima-ayollar, professor-o‘qituvchilar!
Aziz talaba-qizlar!

Avvalo, sizlarni 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan chin yurakdan tabriklayman.
Mazkur sana nafaqat bahor fasli timsoli, balki jamiyat taraqqiyotida muhim o‘rin tutayotgan xotin-qizlarni yana bir bor yuksak qadrlash, ularga ehtirom ko‘rsatishuchun muhim imkoniyatdir. Ayniqsa, ilm-fan va ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan, kelajak avlodni tarbiyalashdek mas’uliyatli vazifani o‘z zimmasiga olgan siz, aziz ayollarimizning xizmati har qanday e’tirofga munosibdir.

Bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, munosib mehnat sharoitlarini yaratish borasida izchil davlat siyosati amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan xotin-qizlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi, davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Ayniqsa, oliy ta’lim tizimida qizlarning qamrovi so‘nggi yillarda keskin oshgani barchamizga quvonch bag‘ishlaydi. Bunga universitetimiz faoliyatidan birgina misol. Bugun oliygohimizda 34 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda. Ularning 20 533 nafarini qizlar tashkil etadi. Bu qariyb 61 foizi degani. Ya’ni muassasamizda qizlar salmog‘i ustuvor bo‘lib, ularning bilim olishga bo‘lgan intilishi va faolligi alohida e’tiborga sazovor. Qizlarning bilimli bo‘lishi – oilaning, qolaversa, jamiyatning intellektual salohiyati oshishini anglatadi.

Mazkur o‘quv yilida talaba qizlarimizdan bakalavriat bo‘yicha 1 nafari, magistratura bo‘yicha 2 nafari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi, 14 nafari turli nomli davlat stipendiyalari sovrindori bo‘ldi. Shuningdek, 2 nafar talaba qizimiz Prezident grantiga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, 5 nafari xalqaro va respublika fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 2 nafar talaba qizimiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasi faoliyatida xotin-qizlarning o‘rni alohida ahamiyatga ega. Bugungi kunda universitetdajami 1108 nafar xotin-qiz mehnat qilmoqda. Ulardan 586 nafari professor-o‘qituvchilar (76 nafari fan doktori, 233 nafari fan nomzodi) bo‘lib, ilmiy-pedagogik faoliyat olib bormoqda. 522 nafar ayol xodimlar esa turli lavozimlarda samarali mehnat qilib, ta’lim muassasasida amalga oshirilayotgan islohot va yangilanish jarayonlarida faol ishtirok etmoqda.

O‘tgan 2025-yildan shu kunga qadar universitetning 120 nafar ayol o‘qituvchi va tadqiqotchilari fan doktori va PhD ilmiy darajalarini muvaffaqiyatli himoya qildi. Jumladan, 98 nafar tadqiqotchi PhD, 22 nafari esa doktorlik ilmiy darajasiga sazovor bo‘ldi.

Universitetimiz olima-ayollari va pedagoglari ilmiy tadqiqotlar, ta’lim sifatini oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda yosh avlodni tarbiyalash borasida salmoqli natijalarga erishmoqda. Ularning ilmiy-pedagogik faoliyati respublika va xalqaro doirada munosib e’tirof etilib, davlat mukofotlari, faxriy unvonlar va grantlar bilan taqdirlanmoqda.

Universitetimizda xotin-qizlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ularning kasbiy o‘sishi va ijtimoiy himoyasini ta’minlash masalalari doimiy e’tiborimiz markazida. Yosh olima va tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli talaba qizlarni rag‘batlantirish, ularning ilmiy va ijtimoiy tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish ustuvor vazifamizdir.

Aziz talaba qizlar! Sizlar yurtimizning ertangi kuni, universitetimiz faxrisiz. Bugun yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, chuqur bilim va zamonaviy ko‘nikmalarni egallashingiz muhim. Universitet jamoasi sizlarning tashabbuslaringizni qo‘llab-quvvatlashga doimo tayyor.

Xonadonlarimizga fayz kiritib, hayotimizga mazmun bag‘ishlab kelayotgan munis va moʻtabar opa-singillarimizni qadrlash va e’zozlash — bizning sharafli burchimizdir.

Bayram munosabati bilan barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizda yangi yutuqlar tilayman.

Ilmiy va kasbiy izlanishlaringizbarakali kelib, orzu-intilishlaringiz ro‘yobga chiqsin.
Bayramingiz muborak bo‘lsin!

Inom Madjidov,
O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, professor