Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

O’zbekiston Milliy universiteti rektorining talabalar va universitet jamoasiga murojaati

Hurmatli talabalar, universitet jamoasi!

Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 24-fevral kuni yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotida belgilab berilgan ustuvor vazifalar, avvalo, Siz — yurtimizning ertangi kuni egalariga qaratilgani bilan alohida ahamiyatlidir. Ushbu muloqotda yoshlarning bilim olishi, kasbiy mahoratini oshirishi, innovatsiya va tadbirkorlikka keng jalb etilishi, shuningdek, ularning tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mazkur vazifalardan kelib chiqib, universitet rahbariyati tomonidan quyidagi yo‘nalishlarda aniq ishlar amalga oshiriladi:

Bitiruvchilar bandligini ta’minlash bo‘yicha:
Har hafta «Yoshlar kuni» o‘tkazilib, rektor, prorektorlar va dekanlar talabalar bilan ochiq muloqoti tashkil qilinadi.
Har bir talaba va bitiruvchi uchun shaxsiy karyera rejasi ishlab chiqilib, individual karyera maslahati tizimi joriy etiladi.
2026-yilda bitirishi kutilayotgan 8209 nafar talabalarni ishga joylashtirish bo‘yicha ish beruvchilar va bitiruvchilar o‘rtasida “Karyera kunlari”ni yil davomida tashkil etish orqali bitiruvchilar to‘liq ish bilan ta’minlanadi.
Universitetda uzmu_karyera_markazi telegram kanali orqali 10 000 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari haqida e’lonlar joylashtirilib, bitiruvchilar o‘zlariga mos ish topishlarida ko‘maklashiladi.
Tor soha yo‘nalishlarining yagona ish beruvchilari bilan strategik hamkorlik kuchaytirilib, uzoq muddatli shartnomalar tuziladi va bitiruvchilar uchun kafolatlangan amaliyot o‘rinlari ko‘paytiriladi.
Mehnat bozorida yuqori talabga ega zamonaviy kasblarni o‘rgatish, ta’lim yo‘nalishlarida ixtisoslashtirish bloklari orqali kiritiladi.
Biznes boshlamoqchi bo‘lgan talaba yoshlar bilan tadbirkor o‘rtasida “Dastlabki qadam” uchrashuvlari tashkil qilinadi.
Yoshlarning iqtisodiy savodxonligini oshirish maqsadida “Biznes risklar va iqtisodiy huquqiy savodxonlik” mavzusida master klasslar tashkil etiladi.
“Talaba-talabaga ko‘mak” frilanserlik platformasini tashkil qilish orqali talabalarda qo‘shimcha daromadga ega bo‘lish imkoniyati yaratiladi.

Sport faoliyati bo‘yicha:
Har hafta futbol, voleybol, basketbol, kurash, taekvondo, tennis, yengil atletika kabi sport turlari ommaviy ravishda o‘tkaziladi.
Talabalar liga va chempionatlari hamda “Rektor kubogi” tashkil qilinadi – fakultetlar, kurslar va ijtimoiy klublar o‘rtasida musobaqalar o‘tkazilib, sportga qiziqish oshiriladi.
Sportning taekvondo, kurash, boks turlari bo‘yicha shug‘ullanayotgan universitet sportchi talabalarini chempionlikka tayyorlash bo‘yicha Sport federatsiyalari bilan hamkorlik kuchaytiriladi. Bunda chempion tayyorlash uchun Iqtidor + Tizimli mashg‘ulot + Ilmiy yondashuv + Ruhiy barqarorlik + Musobaqa amaliyoti + Kuchli motivatsiya berish usullari bo‘yicha aniq maqsadli chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.
Chempionlikka erishgan xalqaro darajadagi universitet sportchilari va boshqalar bilan master klasslar tashkil qilinadi.
Universitetda musobaqalarni yuqorida darajada o‘tkazish uchun sport zallari yangi sport inventarlari bilan jihozlanib, sharoitlar yaratiladi.

Huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha:
Rektor va rahbariyatning talabalar bilan ochiq muloqotlari muntazam tashkil etiladi.
Yoshlar muammolarini tezkor hal qilish maqsadida murojaatlar uchun onlayn platforma yaratiladi.
Talabalarning faol fuqarolik pozisiyasini shakllantirish, kitobxonlik, madaniyat va sport tadbirlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Yoshlar orasida jinoyatchilikni oldini olish va huquqiy yordam ko‘rsatish uchun “Talabaga huquqiy ko‘mak” loyihasi ishga tushiriladi.
“Men jinoyatchilikka qarshiman!” mavzusidagi eng yaxshi ijtimoiy roliklar tanlovini o‘tkazish orqali ularning jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha ko‘nikmalari oshiriladi.
Kiberjinoyatlarning oldini olish hamda yoshlarning kiberxavfsizlik ko‘nikmalarini oshirish maqsadida “Cyber security” mediaplatformasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Yoshlarni ilmiy tadqiqot jarayonlariga keng jalb qilish va startap tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha:
Startap ekotizimi bo‘yicha loyihalarni g‘oya bosqichidan boshlab, to‘liq rasmiylashtirish va amaliy faoliyatni boshlash (start) nuqtasigacha tizimli ravishda olib chiqishga ixtisoslashgan “Universal loyihalar markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Markaz quyidagi tarkibiy tuzilmalar asosida faoliyat yuritadi:
Biznes-inkubator laboratoriyasi;
Yuridik laboratoriya;
Biznes-reja laboratoriyasi;
Loyihaga start berish laboratoriyasi.
Talabalar va tadqiqotchilar tomonidan tayyorlangan hamda patentlangan ilmiy ishlanmalar “Scientific Innovation Expo” universitet ko‘rgazmasi tashkil etiladi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning innovatsion g‘oyalari va startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ular ishtirokida maxsus tanlov va inkubatsiya dasturlari tashkil etiladi. Saralangan loyihalar innovasion rivojlanish agentligi startap loyihalar tanlovida ishtiroki ta’minlanadi.

Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan tadqiqotchilar uchun hujjatlarni rasmiylashtirish, tadqiqot ishini tayyorlash hamda tadqiqot natijalarini olish jarayonlarini qamrab oluvchi “To‘siqsiz tadqiqot” treninglari tashkil etiladi.
Talabalarni xalqaro fan olimpiadalariga tayyorlash maqsadida iqtidorli talabalar sohalar bo‘yicha saralab olinib, fakultet professor-o‘qituvchilariga biriktiriladi.

Aziz talabalar!
Sizlarni bilim olishda faol, tashabbuskor va mas’uliyatli bo‘lishga chorlayman. Universitet rahbariyati har biringizning g‘oya va takliflaringizni eshitishga doimo tayyor. Biz birgalikda harakat qilsak, ta’lim sifati, ilmiy yutuqlar va yoshlar farovonligi yo‘lida yanada katta natijalarga erishamiz.
Barchangizga o‘qishlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar, mustahkam salomatlik va yangi yutuqlar tilayman!

Inom Madjidov
O’zbekiston Milliy universiteti rektori