Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

O‘zbekiston Milliy universiteti va Mudofaa vazirligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Milliy universitetida Mudofaa vazirligi tizimida xizmat olib borayotgan harbiy-kasbiy saralash organi xodimlari faoliyatini sifatli tashkillashtirish va doimiy ravishda malakasini oshirib borish maqsadida 10 kunlik o‘quv-uslubiy yig‘in boshlangan edi.
O‘zbekiston Milliy universitetining tajribali psixolog professor-o‘qituvchilari ishtirokida harbiy okruglar, harbiy-kasbiy saralash organi xodimlarining kasbiy malakasini oshirish, harbiy okruglarda nomzodlar bilan o‘tkaziladigan saralash tadbirlari samarali tashkillashtirildi. Psixologik test metodikalari hamda xorijiy davlatlarda nomzodlarni harbiy xizmatga saralash tizimini o‘rganish, ularning ijobiy tajribalarini amalda joriy etish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Bugun, 28 fevral kuni ushbu o‘quv-uslubiy yig‘in yakunlandi. Tadbirga bag‘ishlangan uchrashuv tashkillashtirildi. Unda O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, professor Inomjon Madjidov, mudofaa vazirining o‘rinbosari, polkovnik Hamdam Qarshiyev, hamda soha vakillari, O‘zMU professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Hamkorlik yig‘ilishining asosiy yutuqlaridan biri ikki tomonlama memorandum va harakat dasturi imzolanishi bo‘ldi. Mazkur hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning istiqbollarini belgilash, o‘zlarining vakolatlari doirasida ikki tomonlama manfaatli munosabatlarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish maqsadida amalga oshirilmoqda. Unga muvofiq, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish sohasida qator kelishuvlarga erishildi, xususan, tomonlar ilmiy-tadqiqot loyihalarini hamkorlikda bajarish, ta’lim sohasida pedagogik-psixologik muammolar, milliy, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikning dolzarb masalalari, ilmiy ishlar muhokamasi kabi muhim masalalarni birgalikda olib borishadi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar dunyoda bo‘layotgan harbiy-siyosiy jarayonlar har bir kasb egasiga yangicha metodik uslublar bilan ishlash talabini qo‘yayotgani, noan’anaviy psixologik darslar, mafkuraviy bilimlarni yanada chuqurroq o‘zlashtirish davr talabi bo‘lib qolayotganini ta’kidlandi.
Tadbir yakunida harbiy-kasbiy saralash organi xodimlariga o‘quv-uslubiy yig‘inda malaka oshirganligi to‘g‘risida sertifikatlar topshirildi.


O‘zMU Axborot xizmati