Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti o‘rtasida 2021 yil 12 oktabr kuni o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Jamoat xavfsizligi universitetida bo‘lib o‘tgan tadbirda imzolangan memorandumning maqsadi ta’lim sohasida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish hamda o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot faoliyatlari yuzasidan ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarini tartibga solishdan iborat. Ikki oliy ta’lim dargohining istiqbolda turli sohalarda hamkorligi ya’ni ilmiy-uslubiy konferensiyalar tashkil etish, uslubiy qo‘llanmalar, darsliklar va metodik materiallar tayyorlashda, ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash, universitetlar kafedralararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, faoliyat olib borayotgan ilmiy kengashlarda ilmiy darajali kadrlar tayyorlashga imkon yaratadi. Ta’lim sohasida pedagogik-psixologik muammolar, milliy, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikning dolzarb masalalari bo‘yicha ikkala tomonda tashkil etiladigan ilmiy tadbirlar (seminar, ilmiy-amaliy konferensiyalar, davra suhbatlari va h.k.)da tomonlarning vakillari ishtirok etishi ko‘zlangan. Shuningdek, tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro masofaviy ta’lim tizimini joriy etish, ilmiy va amaliy yutuqlarni amaliyotga tadbiq qilish; ochiq dars va master klas mashg‘ulotlarini hamkorlikda tashkil etish kabi muhim masalalar ham ko‘zda tutilgan.
Memorandum ta’lim muassasalararo hamkorlikni mustahkamlashga, ta’lim sifatini oshirishga, yoshlarda harbiy-vatanparvarlik, vatanni sevish hislarini yanada mustahkamlash uchun ham xizmat qiladi.

O‘zMU Axborot xizmati