O‘zbekiston Milliy universitetida 2025- yil yakuniga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Universitet professor-o‘qituvchilari va xodimlari uchun tashkil etilgan ushbu bayram dasturi poytaxtimizdagi nufuzli “Marvarid” tantanalar saroyida yuqori saviyada o‘tkazildi.
Tadbirni O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov ochib berar ekan, yig‘ilganlarni kirib kelayotgan yangi yil bilan samimiy muborakbod etdi. Rektor o‘z nutqida 2025 yil davomida universitet jamoasi tomonidan amalga oshirilgan muhim ishlar, ilm-fan va ta’lim sohasidagi yutuqlar, shuningdek, professor-o‘qituvchilar va xodimlarning fidokorona mehnatini alohida e’tirof etdi.

Bayram dasturi davomida estradamizning taniqli yulduzlari o‘zlarining kuy-qo‘shiqlari bilan sahnani yanada fayzli qildi. Jarangdor qo‘shiqlar, jonli ijro va samimiy chiqishlar tadbir ishtirokchilariga unutilmas bayram kayfiyatini ulashdi.
Tadbirning eng muhim va quvonchli lahzalaridan biri yil davomida universitet hayotida faol ishtirok etgan, o‘zining tashabbuskorligi va samarali mehnati bilan ajralib turgan professor-o‘qituvchilar hamda xodimlarni taqdirlash marosimi bo‘ldi. Ularga O‘zbekiston Milliy universiteti rektori tomonidan sertifikatlar va faxriy yorliqlar tantanali ravishda topshirildi.
Bayram dasturi samimiy muhit, ko‘tarinki kayfiyat va ezgu tilaklar bilan davom etdi. Ushbu tadbir universitet jamoasining jipsligi, o‘zaro hurmati va kelajakdagi yuksak marralar sari birgalikda intilishini yana bir bor namoyon etdi.
O’zMU Axborot xizmati