ASIIN xalqaro agentligi O‘zbekiston Milliy universitetida

Bugun, 4-mart kuni, Germaniyaning nufuzli xalqaro agentligi ASIIN ekspertlari ta’lim yo‘nalishlari dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga tashrif buyurdi.

Jarayon 4–5-mart kunlari davom etib, «Matematika» (Bachelor in Mathematics), «Amaliy matematika» (Bachelor in Applied Mathematics), «Fizika» (Bachelor in Physics) hamda «Fizika» magistratura (Master in Physics) ta’lim dasturlari akkreditatsiyadan o‘tkazilmoqda.

Ekspertlar tarkibi:

– Augsburg universiteti professori Gert-Ludwig Ingold;
– Gamburg universiteti professori Armin Gerhard Iske;
– RWTH Aachen universiteti professori Stefan Gerhard Roth;
– ASIIN koordinatori doktor Natalia Vega;
– O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti vakili Bobur Ergashev;
– Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti magistranti Doniyor Abduazimov.

Ekspertlarni O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov, soha prorektorlari, universitet rahbariyati  tomonidan tayinlangan mas’ul koordinatorlar, Matematika, Amaliy matematika va Fizika fakultetlari dekanlari hamda tegishli bo‘limlar rahbarlari qabul qildi.

Uchrashuv davomida universitetning akkreditatsiyadan o’tkazilayotgan  ta’lim yo‘nalishlari dasturlariga tegishli hujjatlar, xususan, tegishli o‘quv dasturlari, modul yo’riqnomalari, kadr yo’riqnomalari va o’z-o’zini baholash hisobotlariga tegishli bo’lgan hujjatlar muhokama qilindi.

Shuningdek, universitetdagi kredit-modul tizimi, ta’lim sifatini nazorat qilish, ichki sifatni ta’minlash mexanizmlari hamda xalqaro hamkorlik aloqalari olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Uchrashuv chog’ida talabalarga yaratilgan zamonaviy sharoitlar, o‘quv va ilmiy laboratoriyalar, baholash tizimining shaffofligi, talabalar fikr-mulohazalarini o‘rganish tizimi, xalqaro grant va stipendiyalar imkoniyatlari, talabalarni ilmiy loyihalarga jalb etish, akademik almashinuv dasturlaridagi ishtirok etish hamda bitiruvchilarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdim etildi.

Tashrif doirasida ekspertlar professor-o‘qituvchilar, talabalar va ish beruvchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazadi, o‘quv jarayoni, fan dasturlari hamda moddiy-texnik bazani o‘rganadi. Tegishli ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o’tkazish jarayoni yakunida ta’lim dasturlarining xalqaro standartlarga muvofiqligi yuzasidan agentlik tomonidan ekspertlarning yakuniy xulosasi taqdim etiladi.

 O‘zMU Axborot xizmati