O‘zbekiston Milliy universitetida bo‘lajak biolog va ekolog olimlar magistrlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida iqtidorli yoshlarning ilmiy salohiyatini namoyish etish hamda innovatsion tadqiqotlarni keng targ‘ib qilish maqsadida magistrlik dissertatsiyalari himoyasi tashkil etildi.

Xususan, universitetning Biologiya va ekologiya fakultetida “Biologiya”, “Biotexnologiya” hamda “Tuproqshunoslik” mutaxassisliklari bo‘yicha tahsil olayotgan magistrantlar o‘z ilmiy ishlarini muvaffaqiyatli himoya qildilar. Tadqiqotchilar tomonidan biologik xilma-xillikni saqlash, zamonaviy biotexnologik usullarni amaliyotga joriy etish, tuproq unumdorligini oshirish hamda ekologik muammolarni bartaraf etishga qaratilgan dolzarb mavzular taqdim etildi.

Shuningdek, himoya jarayonlari sohaga ixtisoslashgan nufuzli ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda olib borildi:
Biofizika va biokimyo institutida: «Biofizika va biokimyo» mutaxassisligi magistrantlari molekulyar biologiya, hujayra fiziologiyasi va zamonaviy laboratoriya texnologiyalariga oid ishlari bilan qatnashishdi. Ularning tadqiqot natijalari amaliy ahamiyati bilan alohida e’tirof etildi.


O‘zFA Zoologiya institutida: «Ekologiya» yo‘nalishi bitiruvchilari atrof-muhit muhofazasi, ekologik monitoring hamda antropogen omillarning tabiatga ta’siri bo‘yicha o‘z ilmiy ishlanmalarini himoya qildilar.
Himoya jarayonlarida Davlat attestatsiya komissiyasi a’zolari, taniqli professor-o‘qituvchilar va soha mutaxassislari ishtirok etdi. Komissiya a’zolari yosh olimlarning mustaqil fikrlashi, zamonaviy tadqiqot metodlaridan foydalanish ko‘nikmalarini yuqori baholab, ularning takliflari ishlab chiqarish va amaliyot uchun muhim ekanligini ta’kidladilar.

O‘zMU Axborot xizmati