Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

O‘zbekiston Milliy universitetida “Fuqaro muhofazasi kuni” munosabati bilan tadbir tashkil etildi

Shu yilning 15-mart kunidan 15-aprel kuniga qadar “Favqulodda vaziyatlarni muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi oyligi” rejasiga muvofiq Kimyo fakulteti binosida tadbirlar, jumladan, turli fakultetlar guruhlari ishtirokida viktorina, talabalar tomonidan mavzuga oid rasmlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Unda universitet rahbariyati, tegishli bo‘limlar xodimlari, fakultet jamoasi, “Qalqon” guruhi a’zolari, Olmazor tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi mutaxassislari, tuman tez tibbiy yordam vakillari ishtirok etishdi. Tadbirni moliyaviy-iqtisodiy ishlar bo‘yicha prorektor Vali Yodgarov kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Ekologiya kafedrasi dotsenti Ravshan Oxunov rahbarligida Kimyo, Biologiya va ekologiya fakultetlari talabalaridan tashkil topgan 3 ta jamoa o‘rtasida “Fuqaro muhofazasi kuni”ga bag‘ishlangan viktorina o‘tkazildi. Kafedra dotsenti Ra’no Rustamova boshchiligida “Qutqaruvchi sharafli kasb” mavzusida rasmlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

O‘zbekiston Milliy universiteti Fuqaro va mehnat muhofazasi bo‘limi boshlig‘i Behzod Mavlonov boshchiligida favqulodda vaziyatlar tuzilmalari saf ko‘rigi o‘tkazildi.

Favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish mashqlarining bajarilishi fakultetlar talabalari va Favqulotda vaziyatlar tuzilmalari ishtirokida tashkil etildi. O‘quv xonalari va laboratoriya xonalarida favqulodda vaziyatlarda zilzila, yong‘in sodir bo‘lganda to‘g‘ri va xavfsiz harakatlanish mashqlari amalga oshirildi. Shartli jarohat olgan, yordamga muhtoj talabalar va xodimlarga tegishli harakatlar bilan evakuatsiya qilish jarayoni tushuntirildi.

Bunda qutqaruv, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, jamoat tartibini saqlash, yong‘inni bartaraf etish guruhlarining ko‘nikmalari Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Fuqaro muhofazasi institutining bir guruh mutaxassislari tomonidan kuzatildi,  taklif hamda tavsiyalar bildirildi. Harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi mutaxassislari va kursantlari o‘ziga xos talablar bo‘yicha aniq mashqlarni bajarishdi.

Tadbir so‘ngida faol ishtirok etganlar, viktorina va rasmlar ko‘rgazmasi g‘oliblarini taqdirlandi.

O‘zMU Axborot xizmati