O‘zbekiston Milliy universitetida talabalar bandligini ta’minlash hamda 2024-2025-o‘quv yili bitiruvchilarini ishga taqsimlash maqsadida “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Unda respublika, viloyat, shahar va tumanlardagi 100 dan ortiq tashkilot, muassasa va korxonalar ishtirok etdi. Ular tomonidan 10 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari taklif qilindi, korxonalar o‘z mahsulotlari bilan ham ishtirok etishdi.
Tadbir O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Majidovning kirish so‘zi bilan ochildi. Rektor universitetning xalqaro maydonda o‘z nufuziga ega bo‘lib borayotganiga urg‘u berib, ish beruvchi tashkilotlar bilan muntazam hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlab o‘tdi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Milliy banki AJ huzuridagi “Kelajakka qadam” markazi direktori Elmurod Hoshimov hamda “Uzbek Leasing International” AJ Bosh direktori Zafarjon Mustafayevning qutlov so‘zlari tinglandi.
Tadbir doirasida “O‘zmilliybank” AJ huzuridagi “Kelajakka qadam” Markazining universitetdagi filiali ham foydalanishga topshirildi. Endilikda bu yerda doimiy asosda bank xodimlari faoliyat olib boradi hamda tadbirkorlikni boshlamoqchi bo‘lgan bitiruvchilarga imtiyozli kreditlar taqdim etiladi.
Hozirda universitetda 56 ta bakalavriat, 59 ta magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha 34 mingdan ortiq talaba, 1000 dan ortiq doktorant ilmiy faoliyat olib bormoqda. Yarmarkada 7500 nafardan ortiq bitiruvchi, shuningdek, 15 mingga yaqin ishga joylashish istagidagi talaba ishtirok etdi.
Universitetda o‘tkazilgan mehnat yarmarkasi davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalar, topshiriqlarning amaliy ifodasi bo‘lib, talabalar va universitetni tamomlayotgan yosh mutaxassislar bilan korxona, tashkilot vakillarining jonli muloqotini tashkil etish, talabalarning bandligini ta’minlash uchun katta ahamiyat kasb etadi.
O‘zMU Axborot xizmati