Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

O‘zbekiston Milliy universitetida “O‘zbekiston — umumiy uyimiz!” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi

Bugun O‘zbekiston Milliy universitetida mamlakatimizda millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik va fuqarolik birdamligini mustahkamlashga bag‘ishlangan “O‘zbekiston — umumiy uyimiz!” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

Davra suhbati avvalida O‘zbekiston xalqining asrlar davomida shakllanib kelgan do‘stlik, o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik qadriyatlari yuksak e’tirof etildi. So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda barcha millat va elat vakillari uchun teng huquq va imkoniyatlar yaratilgani, ularning milliy o‘ziga xosligi, tili va madaniyatini saqlash hamda rivojlantirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganini ta’kidladilar.

 

Shuningdek, yig‘ilishda yoshlarda Vatanga sadoqat, insonparvarlik, mehr-oqibat va fidoyilik tuyg‘ularini kuchaytirish, ularni tolerantlik va bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Tadbir doirasida Tarix fakulteti talabasi, “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohibi Qudratillayev Parviz Kamol o‘g‘li hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan “Cheksiz matonat sohiblari” nomli qisqa metrajli film namoyish etildi. 

Filmda 1-guruh nogironligi bo‘lishiga qaramay, bilim olish, hayotda faol bo‘lish va jamiyatda o‘z o‘rnini topish yo‘lida qat’iy intilayotgan yoshlarning ibratli misoli aks ettirilgan. Ushbu lavha tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

Davra suhbati yakunida ishtirokchilar O‘zbekistonda tinchlik, totuvlik va millatlararo hamjihatlik muhitini asrab-avaylash har bir fuqaroning muqaddas burchi ekanini ta’kidlab, ushbu qadriyatlarni yosh avlod ongida mustahkamlash zarurligini qayd etdilar.