Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

O‘zbekiston Milliy universitetida «O‘zbekiston yosh filologiyasi — 2026» respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

2026-yil 25-fevral kuni O‘zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakulteti Rus adabiyotshunosligi kafedrasi tashabbusi bilan «O‘zbekiston yosh filologiyasi — 2026» respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi. Anjumanda respublikamiz hamda xorijiy oliy ta’lim muassasalarining talabalari, magistrantlari va yosh olimlari faol ishtirok etdi.

Konferensiyada ilk bor G‘arbiy Chexiya universiteti (Plzen shahri), O‘sh davlat universiteti, Janubiy Qozog‘iston pedagogika universiteti hamda Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti vakillari qatnashdi. Mazkur ishtirok konferensiyaning xalqaro ilmiy hamkorlik doirasidagi nufuzini yanada mustahkamladi.

 

 

Anjuman Mixail Bulgakov hamda Dmitriy Lixachev yubiley sanalariga bag‘ishlandi. Yig‘ilish davomida mumtoz va zamonaviy adabiyotga oid dolzarb masalalar, tilshunoslik muammolari, shuningdek, filologiya fanlarini o‘qitish metodikasining nazariy va amaliy jihatlari yuzasidan ma’ruzalar tinglandi hamda ilmiy muhokamalar olib borildi.

Shuningdek, konferensiya doirasida an’anaviy «Anor» ijodiy tanlovining 2026-yilgi yakunlari e’lon qilindi. Tanlov «Lirika», «Nasr», «Tarjima», «Esseistika» va «Ijodiy debyut» nominatsiyalari bo‘yicha o‘tkazildi. G‘olib va sovrindorlar diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Mazkur ilmiy anjuman yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy izlanishlarni rag‘batlantirish va xalqaro akademik aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.