Bugun, O‘zbekiston Milliy universitetida bir necha tashkilot va muassasalar hamkorligida uchrashuv tashkil etildi.

Unda Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi direktori Shuhrat Qodirov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining prezidenti Shavkat Ayupov, Mirzo Ulug‘bek nomidagi Astronomiya instituti ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Yusufjon Tillayev hamda O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, professor Inom Madjidov ishtirok etdi.

Gavayi universiteti professori Dilmurod Azimov stansiya faoliyatidan kutilayotgan natijalar, shuningdek, uchuvchisiz uchish apparatlari, aerokosmik texnikalarni boshqarish va loyihalashtirishlarning dunyo va istiqboldagi ustuvor zamonaviy masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

Yig‘ilganlar kelajakda aerokosmik injenering sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish va kadrlar tayyorlash masalalarini muhokama qilishdi.
O’zMU Axborot xizmati