Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

O‘zbekiston Milliy universitetida Turkmaniston Prezidentining “Yoshlar – Vatan tayanchi” nomli birinchi kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 22-fevral kuni O‘zbekiston Milliy universitetida Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning turkman tilidagi “Yoshlar – Vatan tayanchi” nomli birinchi kitobining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Turkmanistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Shadurdi Meredov, Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi maslahatchisi Olim Narzullayev, O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, rais o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, Respublika Turkman milliy madaniy markazi raisi Guldana Avezdurdiyeva, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori Bahodir Karimov va O‘zMUda tahsil olayotgan turkmanistonlik talabalar ishtirok etdi. 

Taqdimotda so‘zga chiqqanlar Turkmaniston yetakchisi birinchi kitobining boy mazmuni, uning navqiron avlod tarbiyasidagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi, shuningdek, kitobda tilga olingan turkman yoshlarining davlat va xalqaro miqyosdagi turli tanlovlar, ilmiy, ijodiy va sport musobaqalari, nufuzli fan va intellektual olimpiadalarda erishgan yuksak natijalari haqida so‘z bordi. 

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy sohalardagi aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish, hamkorlikning yangi yo‘nalishlari va istiqbollarini belgilagan holda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish borasida tarixiy ishlar amalga oshirilgani qayd etildi.

O‘zMU rektori Inom Madjidov bugungi kunda O‘zbekiston Milliy universitetida tahsil olayotgan turkmanistonlik talabalar, ular uchun yaratilgan imkoniyatlar, oliy ta’lim yo‘nalishida yo‘lga qo‘yilgan xalqaro hamkorlik aloqalari haqida so‘z yuritdi. 

Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori Bahodir Karimov o‘z nutqida Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning “Yoshlar – Vatan tayanchi” kitobi jamiyat hayotining barcha jabhalarini qamrab olgani, yoshlarni ilm-fanga, har tomonlama sog‘lom bo‘lishga chaqirayotganini ta’kidlab o‘tdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Turkman madaniyati markazi rahbari Guldane Avezdurdiyeva o‘z nutqida Turkmaniston Prezidentining birinchi kitobi juda tushunarli tilda yozilgani, ma’lumotlarning to‘liqligi va qiziqarliligi bilan o‘quvchini o‘ziga jalb etishini ta’kidladi. 

O‘zMU Axborot xizmati