O‘zbekiston Milliy universitetida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazilmoqda

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida 23–25-sentabr kunlari “Ijtimoiy tizimlarni modellashtirish va raqamli transformatsiya: ilmiy tajribalar, texnologiyalar va rivojlanish istiqbollari” (“Modeling and Simulation of Social-Behavioral Phenomena in Creative Societies” (MSBC–2026) mavzusidagi IV xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya бўлиб ўтмоқда. Har ikki yilda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadigan ushbu nufuzli anjuman O‘zMU Kompyuter lingvistikasi va amaliy tilshunoslik kafedrasi tashabbusi va bevosita ishtirokida tashkil etildi.

Mazkur xalqaro anjuman O‘zbekiston Milliy universiteti bilan birgalikda Litva Operatsion tadqiqotlar jamiyati (LITORS), Al-Farabi nomidagi Qozog‘iston Milliy universiteti, Turan universiteti, Narxoz universiteti (Qozog‘iston), Hamburg amaliy fanlar universiteti (HAW Hamburg, Germaniya), Arkanzas universiteti — Littl-Rok (AQSsh), Klaipėda universiteti va Vytautas Magnus universiteti (Litva) hamkorligida o‘tkazilmoqda. Shuningdek, tadbir Yevropa operatsion tadqiqotlar jamiyatlari assotsiatsiyasi (EURO) hamda “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali ko‘magida tashkil etilgan.

Ilmiy forumda Yevropa mamlakatlari, Xitoy, Ozarbayjon, Gretsiya, Litva, Germaniya, Avstraliya, Hindiston, Gruziya, Turkiya, Rossiya hamda Qozog‘iston kabi ko‘plab davlatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari, taniqli olimlar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etmoqda.

Konferensiya doirasida quyidagi dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha sho‘ba majlislari va yalpi ma’ruzalar o‘tkazilmoqda:
• Sun’iy intellekt va katta til modellari (LLM);
• Tabiiy tilni qayta ishlash (NLP) va til texnologiyalari;
• Ijtimoiy-xulq-atvor hodisalarini modellashtirish va raqamli egizaklar (Digital Twins);
• Iqtisodiy tizimlar va o‘yinlar nazariyasi modellarini qo‘llash;
• Mintaqaviy tadqiqotlar, barqaror rivojlanish hamda ta’lim texnologiyalari.
Xalqaro e’tirof va nashr imkoniyatlari
Anjumanning muhim jihatlaridan biri shundaki, unda taqdim etilgan saralangan ilmiy tadqiqot natijalari va maqolalari Springer xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazasida indekslanishi rejalashtirilgan.