Bugun, 6-aprel kuni O‘zbekiston Milliy universitetida “Yangi O‘zbekiston talabalar olimpiadasi” sport musobaqalarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda universitet rektor Inom Madjidov ishtirok etib nutq so‘zladi. Mazkur olimpiadaning ahamiyati, undan ko‘zlangan maqsad haqida to‘xtalib, barcha talabalarni unda faol ishtirok etishga chaqirdi.

Yosh avlodni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash mamlakatimiz siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri ekani alohida ta’kidlandi. Shu bilan birga, ushbu olimpiada nafaqat talabalar orasida, balki keng jamoatchilik o‘rtasida ham sport va sog‘lom hayot tarziga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirishi qayd etildi.

Rektorning so‘zlariga ko‘ra, mazkur musobaqa talabalar o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish, ular uchun munosib shart-sharoitlar yaratish hamda sog‘lom turmush tarzini keng yoyishga xizmat qiladi. Shuningdek, bu tashabbus kelgusida millionlab yoshlarni o‘z atrofiga birlashtirishiga ishonch bildirildi.
Musobaqalarning barcha bosqichlari Sport vazirligining “ERP-sport” yagona elektron boshqaruv tizimi orqali nazorat qilinadi.

Bugungi kunga qadar musobaqada ishtirok etish uchun mazkur tizimdan jami 168 ta oliy ta’lim tashkiloti, xususan, 92 ta davlat, 52 ta nodavlat va 24 ta xorijiy oliygohlar ro‘yxatdan o‘tgan.
Bellashuvlarda qatnashish istagini bildirgan talabalarning umumiy soni esa 159 273 nafarni tashkil etmoqda.
Musobaqalar 3 bosqichda bo‘lib o‘tadi:
- 1-bosqich: 6–20-aprel;
- 2-bosqich: 1–15-may;
- Final bosqichi: 1–10-iyun kunlari Toshkent shahridagi Olimpiya shaharchasida o‘tkaziladi.
Kompleks musobaqalar voleybol, gandbol, basketbol 3×3, stol tennisi, futbol, yengil atletika, suzish (suzish bo‘yicha bahslar 2-bosqichdan boshlanadi) sport turlaridan iborat bo‘ladi.