Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

O‘zbekiston Milliy universitetining maktablar bilan ta’lim sifatini oshirish yo‘lida hamkorligi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktabrdagi videoselektor yig‘ilishi, shuningdek Prezidentimizning “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni va “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Milliy universiteti Toshkent shahar Olmazor tumanida majud 31 maktablar bilan ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirmoqda.
Jumladan, hozirda maktabdagi ta’lim tarbiya jarayoni va mavjud shart-sharoitni o‘rganish, fan o‘qituvchilarini bilimi va salohiyatini tashhis qilish va mavjud muammolarini aniqlash, ularni malakasini oshirish va metodik yordam ko‘rsatish, shuningdek ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha shahar, tuman xalq ta’limi bo‘limi bilan birgalikda o‘zining “Yo‘l xaritasi”, harakatlar rejasini ishlab chiqdi.
Bunda tumandagi ta’lim sifati va bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalariga kirish bo‘yicha eng past bo‘lgan 10 ta maktabni o‘z otalig‘iga oldi va ularda ta’lim sifatini yaxshilash bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqdi.
Unga muvofiq matematika, fizika, kimyo, biologiya, tarix, rus tili va adabiyoti fanlari bo‘yicha 1831 nafar o‘qituvchining O‘zbekiston Milliy universitetida doimiy malaka oshirish reja-grafigi ishlab chiqildi.

Harakatlar rejasiga muvofiq, har bir umumta’lim maktabiga mos fakultet va kafedralar biriktirilib, universitetda fanlar kesimida o‘qituvchilarning kasbiy mahorati va ularga metodik yordam ko‘rsatish orqali malakasini oshirish, universitet professor-o‘qituvchilari va maktab o‘qituvchilari “ustoz-shogird” tizimini joriy etish hamda yuqori natijaga erishgan maktab o‘qituvchilarini “universitetning faxriy o‘qituvchisi” maqomiga ko‘tarish va moddiy rag‘batlantirish, maktablar uchun universitet kunini tashkil etish, fan olimpiadalari tashkil etish va g‘oliblarga “universitet stipendiya”si joriy etish, yuqori sinf o‘quvchilarini oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun tayyorlash maqsadida qo‘shimcha maxsus o‘quv-tayyorlov kurslarini tashkil etish, universitetda mavjud o‘quv laboratoriyalariga jalb etish, o‘quvchilar qiziqishiga ko‘ra ijodiy va fan to‘garaklarini tashkil etish, besh tashabbus doirasida sprot musobaqalari hamda ijodiy kechalar tashkil etish, maktab moddiy-texnik bazasi yaxshilash va o‘quv laboratoriya jihozlarini modernizatsiya qilishda amaliy ko‘mak berish ko‘zda tutilgan.
Ushbu hamkorlik doirasida 2020 yil 25 noyabrda O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Avaz Raximovich Maraximov boshchiligida fakultet dekanlari va kafedra mudirlari Olmazor tumanidagi 219 maktabga tashrif buyurishdi.

Tashrif davomida maktab jamoasi va o‘quvchilar uchrashuvlar, matematika, fizika, biologiya va kimyo fanlaridan namunali darslar tashkil etildi. O‘zbekiston milliy universiteti tomonidan 1 dona interaktiv doska, kompyuter sinfi, badiy va o‘quv adabiyotlari sovg‘a qilindi.

O‘zMU Axborot xizmati