Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

“O‘zMU malikasi” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Milliy universitetida “O‘zMU malikasi” ko‘rik-tanlovi tashkil etildi. Mazkur tanlovning asosiy maqsadi – talaba qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash, ular o‘rtasida milliy qadriyatlar va urf-odatlarni targ‘ib qilish, shuningdek, iqtidorli, zukko va intellektual salohiyatga ega qizlarni kashf etish hamda ularning ma’naviy saviyasini yuksaltirishdan iborat.

Tanlov orqali quyidagi muhim vazifalar amalga oshirilmoqda:
• yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish orqali ularni turli zararli oqimlardan himoya qilish;
• ijodkor va iqtidorli qizlarni rag‘batlantirish, ularning odobi, axloqi, qadriyatlar va aql-zakovatga bo‘lgan munosabatini keng jamoatchilikka namoyon etish.

Tanlov quyidagi 3 ta shart asosida o‘tkazilmoqda:
1. “Ko‘zgu oldidagi men” – tanishtiruv sharti bo‘lib, ishtirokchilar o‘zining ijodiy va ilmiy salohiyatini namoyon etadi.
2. “Zukko bilimdon” – savol-javob shaklida bo‘lib, siyosiy, ijtimoiy, tibbiy va oilaviy mavzular bo‘yicha bilimlar sinovdan o‘tkaziladi.
3. “Erkin ijod sohibi” – ishtirokchilar o‘zlarining maxsus iqtidor va qobiliyatlarini namoyish etadi.

Yakuniy natijalarga ko’ra

1. Geologiya va muhandislik geologiyasi fakulteti talabasi Durdonaxon Xabibullayeva 3 million 200 ming so’m

2.Taekvondo va sport faoliyati fakulteti talabasi Muhlisa Ergasheva 2 million so’m

3. Amaliy matematika va intellektual texnologiyalar fakulteti Durdonaxon Ergasheva 1 million 500 ming so’m bilan taqdirlandilar.

Mazkur tanlov yosh avlod qalbida Vatanga, oila institutiga bo‘lgan hurmat va muhabbatni oshirish, qizlarning ichki salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni ma’naviy barkamollik sari yetaklashda muhim o‘rin tutadi. Bu kabi loyihalar orqali nafaqat iqtidorlar kashf etiladi, balki yoshlarda o‘zligini anglash, mas’uliyat va burch tuyg‘ulari mustahkamlanadi.

O‘zMU Axborot xizmati