Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

O‘zMU olimlari Orolbo‘yi mintaqasida ekologik barqarorlikni ta’minlashga hissa qo‘shmoqda

O‘zbekiston Milliy universiteti Biologiya va ekologiya fakulteti jamoasi tomonidan Orol dengizining qurigan tubida yashil makon barpo etish maqsadida navbatdagi ilmiy-amaliy ekspedisiya ishlari amalga oshirildi. Mazkur hududlarda kuzgi ekinlar va turli o‘simlik urug‘larini ekish ishlari olib borildi.

Tadqiqot jarayonida yuqori yashovchanlikka ega, sho‘rlangan va qiyin tabiiy sharoitlarga moslasha oladigan istiqbolli o‘simlik turlari tanlab olinib, ularning urug‘lari dengizning quriq tubida sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu esa Orol dengizi hududini biologik usullar orqali tiklash bo‘yicha yangi imkoniyatlarni ochib beradi.

 

Mazkur yondashuv keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish, chang va tuz bo‘ronlariga qarshi kurashish, shuningdek, iqlim o‘zgarishi va ekologik tanazzul sharoitida butun mintaqa ekotizimini tiklash uchun muhim ilmiy-amaliy asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin. 

O‘zMU olimlari tomonidan hududda qurg‘oqchilik va sho‘r tuproqqa chidamli mahalliy daraxtlar, butalar hamda o‘t-o‘lanlarni aralash holda ekish katta samara berishi mumkinligi amalda o‘z isbotini topmoqda.