Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

O‘zMU professoriga xalqaro patent berildi

Tahlillarga ko‘ra, dunyoning har qaysi mamlakatida modernizatsiyalash davrida inqirozlar yuz berishiga siyosiy institutlar, iqtisodiy muammolar, korrupsiyaning kuchayishi, qashshoqlik va byurokratiyaning ta’siri bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, qarindosh-urug‘chilik, ishsizlik, siyosiy beqarorlik, dinning siyosiylashuvi kabi obyektiv va subyektiv omillar ham sabab bo‘ladi.

Rossiya Federatsiyasi Intellektual mulk federal xizmatidan O‘zbekiston Milliy universitetining professori, siyosiy fanlar doktori Baxtiyor Omonovga xalqaro patent berildi. Olimning “O‘tish davrida jamiyatni modernizatsiyalash inqirozlari” (Кризис модернизации общества в переходной период) nomli fanga kiritgan ilmiy tushunchasi e’tirof etilib, xalqaro ma’lumotlar bazasiga kiritildi.

Ma’lumotlar bazasi o‘tish davri bosqichlari, inqiroz paydo bo‘lish shartlari, inqiroz turi, undan chiqish yo‘llari, jamiyatni modernizatsiyalash masalalari bilan boyitilgan.

Mamlakatni isloh etish va yangilashda yuzaga keladigan inqirozlar holatining vujudga kelish davri, sabablari va undan samarali chiqish yo‘llari belgilanib o‘rganiladi.

“O‘tish davrida jamiyatni modernizatsiyalash inqirozlari” nomli tushuncha va ilmiy yangilik uzoq yillik tadqiqotlarga suyanib, xorij va mintaqamizda e’lon qilingan ilmiy adabiyotlar, amaliy tajribalarni tahlil qilish asosida ishlab chiqilgan.

Professor Baxtiyor Omonov fanga kiritgan ma’lumotlar bazasidan talabalar, tadqiqotchilar, siyosatchilar, iqtisodchilar, shuningdek, rivojlanish yo‘liga o‘tib olgan yosh davlatlar o‘zlarining ijtimoiy-siyosiy faoliyatida foydalanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, ilmiy yangilik sotsiologiya, siyosatshunoslik, psixologiya sohalarida qo‘llaniladi.

O‘zMU Axborot xizmati