Ayni kunlarda Tailandning Bangkok shahrida Times Higher Education xalqaro reyting agentligi tomonidan Global Barqarorlik kongressi o‘tkazilmoqda.
Shu yilning 10-13-iyun kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan mazkur kongress barqarorlikdagi global muammolarning yechimlarini muhokama qilish uchun xalqaro miqyosidagi katta tajriba ega olimlar va innovatorlarni birlashtirdi.
Kongress dunyo bo‘ylab 3 mingdan ortiq ishtirokchilarni qamrab olgan bo‘lib, 350 nafar ekspert o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etmoqda. Shuningdek, unda O‘zbekiston ekspozitsiyasi ham tashkil etilgan bo‘lib, respublikamizning turli oliy ta’lim muassasalari vakillari ham qatnashmoqda.
O‘zbekiston Milliy universitetidan Uslubiy ta’minlash va ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘yicha prorektor Ravshan Musurmanov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Yoqub Ergashov, shuningdek, Strategik rivojlantirish va xalqaro reyting bo‘limi xodimi Alijon Oripov ayni vaqtda kongressda bo‘lib turishibdi.
Vakillarimiz akademik hamkorlikni yanada rivojlantirish, universitetga xorijiy talabalarni jalb qilish bo‘yicha xalqaro ta’lim muassasalari bilan muzokaralar olib borib, yetakchi universitetlarning barqarorlik bo‘yicha tajribalarini o‘rganishmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, kongress doirasida bir necha global muammolar, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga (SDGs) erishish bilan bog‘liq masalalar yechimiga qaratilgan bir qator anjumanlar tashkil etiladi.
O‘zMU Axborot xizmati