Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

O‘zMU rektori Inom Madjidov Shvetsiya Orol dengizi jamiyati rahbari Bo Libert bilan muzokara o‘tkazdi

Mazkur yilda YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqand shahrida o‘tkazilishi munosabati bilan oliy ta’lim muassasalari tomonidan elchixonalar bilan hamkorlikda milliy davlatchiligimizning uch ming yillik tarixi, asriy an’ana va qadriyatlari, madaniy merosini xorijiy mamlakatlarda keng targ‘ib qilish bo‘yicha tadbirlar tashkil etilmoqda.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov boshchiligidagi delegatsiya Shvetsiya mamlakatida bo‘lib turibdi. Safar davomida bir qancha hamkorlar bilan uchrashish, muzokara olib borish belgilangan.

17-fevral kuni rektor Inom Madjidov Shvetsiya Orol dengizi jamiyati Bo Libert bilan uchrashdi. Dastlab O‘zbekistonda atrof-muhit muhofazasi, Orol muammosini bartaraf etish borasida olib borilayotgan ishlar, xususan, Mo‘ynoq tumani hamda Orol dengizining suvi qurigan hududlarida O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan amalga oshirilayotgan tajribalar xususida taqdimot qilindi.

Jumladan, universitet tomonidan 1,7 gektar maydonda 2 ta o‘quv-ilmiy tajriba bazalari tashkil etilganligi va unda talabalar amaliyoti hamda professor-o‘qituvchilarning mazkur yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqot ishlari borasida so‘z yuritildi.

Shvetsiya Orol dengizi jamiyati rahbari Bo Libert universitet bilan ekologiya va barqaror rivojlanish maqsadlari yo‘nalishida hamkorlik olib borish, talabalar uchun ingliz tilida har hafta onlayn mashg‘ulotlar tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirdi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Milliy universiteti va Shvetsiya Orol dengizi jamiyati hamkorligida ekologiya va atrof-muhitni asrash yo‘nalishida qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

O‘zMU Axborot xizmati