O‘zMU talabalariningArnasoy Art-festivali o‘tkazildi

Shu yilning 1-2-iyun kunlari Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining Tuzkon ko‘li hududida O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari, xorijlik talabalar ishtirokida “Millatlararo bag‘rikenglik – yoshlar do‘stligi va birdamligi asosidir!” shiori ostida art-festival o‘tkazildi.

Art-festival talaba yoshlarda etnomadaniy bag‘rikenglikni shakllantirish, turli millatga mansub yoshlarni vatan ravnaqi yo‘lida birlashtirish, ularni millatlararo do‘stlik, hamjihatlik, birdamlik, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida Arnasoy tuman hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Shuningdek, mazkur tadbir yosh xonandalar, rassomlar, shoirlar, aktyorlar, sozandalar, raqqosalar va boshqa iste’dod sohiblarining o‘z ijodlarini namoyish etishlari uchun san’at maydonchalari yaratish, yosh iste’dod egalarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qildi.

Festival avvalida Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining Tuzkon ko‘li hududida O‘zMU talabalarining art-festivali doirasida plogging aksiyasi o‘tkazildi. Talaba-yoshlar aksiya doirasida hududlarni chiqindilardan tozalab, mazkur turizm obektini obod qilishga o‘z hissalarini qo‘shishdi.

Arnasoy-Aydarko‘l turizm jozibasini keng targ‘ib etish, turizm salohiyatini oshirish bo‘yicha seminar-treninglar tashkil etildi. Tarixchi, etnolog va madaniy antropologlar tomonidan hududlar tarixi, etno va gastroturizm bo‘yicha tushuncha berildi.

Tadbir doirasida talabalar, xorijlik yoshlar ijrosida musiqiy va badiiy chiqishlar, sahna ko‘rinishlari namoyish etildi, turli sport va intellektual tadbirlar tashkil etildi.

Festival O‘zMU talabalari, talaba-yoshlar orasida turistik faollikni yanada rivojlantirish, ularning yangi g‘oyalarini amaliy qo‘llab-quvvatlash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, shuningdek, Jizzax viloyati turizm obektlarini targ‘iboti yo‘lida katta ahamiyatga ega bo‘ldi.

O‘zMU Axborot xizmati