O‘zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakulteti talabalari hamda o‘qituvchilari Jusup Bolosog‘un nomidagi Qirg‘iziston Milliy universitetida o‘tkazilgan “Joogazin” PR va reklama xalqaro festivalida ishtirok etdilar. Uch kun davom etgan tadbir doirasida “Barqaror rivojlanish yo‘lidagi kommunikatsiyalar: yashil iqtisodiyot va ijtimoiy mas’uliyat” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, davra suhbati, PR bahsi hamda amaliy tadqiqotlar tanlovi tashkil etildi. Festivalda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Rossiya va Qozog‘istondan 16 jamoa hamda 100 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi.
Mazkur festival yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, sifatli media kontent yaratishni rag‘batlantirish hamda reklama va PR sohasini rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Ishtirokchilar o‘z videovizitkalari va turli kompaniya hamda brendlar uchun ishlab chiqilgan PR strategiyalarini taqdim etdilar. Shuningdek, mahorat darslari, treninglar, keys-stadi tanlovlari va ilmiy munozaralar yoshlarning kasbiy ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qildi.

Festival doirasida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada talabalar ekologik xavfsizlik, yashil iqtisodiyot, resurslarni boshqarish va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha dolzarb masalalarni yoritdilar. O‘zMU talabasi Kamronbek Masharibov ekologik xavfsizlik mavzusidagi ilmiy ishi bilan II o‘rinni egalladi, Matlyuba Shakarova esa barqaror rivojlanishdagi yoshlar roli haqidagi maqolasi uchun tashakkurnoma bilan taqdirlandi. “Joogazin” festivali mintaqa yoshlari va mutaxassislarini birlashtirgan, do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlovchi muhim xalqaro platforma sifatida e’tirof etildi.